“Sherobod sement zavodi” MChJ va “Shargʻunkoʻmir” AJlarning ochiq savdo jarayonlari boshlandi
2025-12-21 10:25:00 / Yangiliklar

Tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, Davlat aktivlari agentligi “Sherobod sement zavodi” MChJ ustav kapitalidagi 100 foiz ulushi va “Shargʻunkoʻmir” AJ ustav kapitalidagi 99,55 foiz davlat aksiya paketini (keyingi oʻrinlarda umumiy – Aktivlar) ochiq savdo jarayoni boshlanganini eʼlon qiladi.
Xususiylashtirish jarayoni doirasida “Sherobod sement zavodi” MCHJning ishlab chiqarish jarayonida yoqilgʻi tizimini koʻmir asosida ishlashga oʻtkazish, barqaror yoqilgʻi taʼminotini yoʻlga qoʻyish maqsadida “Shargʻunkoʻmir” AJ yagona lot sifatida xususiylashtiriladi.
Jarayonni samarali tashkil etish maqsadida “Alkes Research” MCHJ xususiylashtirish boʻyicha konsultant sifatida jalb etilgan.
“Sherobod sement zavodi” MChJ toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot:
“Sherobod sement zavodi” MChJ — Oʻzbekistondagi hozirda tabiiy gaz yoqilgʻisida sement ishlab chiqaruvchilardan biri.
- Surxondaryo viloyati, Sherobod tumanida joylashgan;
- Korxonaning quvvati – yiliga 1,5 mln.tonna;
- Umumiy yer maydoni: 584,7 ga (shundan, 84,0 gektar doimiy foydalanishdagi yer va 500,7 gektar yer qaʼri);
- Bino va inshootlarning umumiy maydoni: 57,5 ming kv.m.;
“Shargʻunkoʻmir” AJ toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot:
“Shargʻunkoʻmir” AJ — Surxondaryo viloyatidagi shaxtalarda yer osti va ochiq usulda koʻmir qazib chiqarishga ixtisoslashgan, Oʻzbekistondagi yetakchi toshkoʻmir ishlab chiqaruvchi korxonalardan biri.
- Surxondaryo viloyati, Sariosiyo tumanida joylashgan;
- Konning umumiy yer maydoni: 39,7 ga;
- Umumiy yer maydoni: 58 ga;
- Bino va inshootlarning umumiy maydoni: 16,3 ming kv.m.;
- Korxonaning quvvati – yiliga 900 ming tonna;
- Amaldagi ishlab chiqarish (2024) – 900 ming tonna;
- Isbotlangan zahiralar:
- A+B+C1 – 31,5 mln tonna;
- C2 – 7,1 mln tonna.
- Kul miqdori 30% gacha va yuqori kaloriyalilikka ega CC markali koʻmir;
- Oʻz temiryoʻl infratuzilmasiga ega (12,5 km);
- Koʻmirni quruq boyitish zavodi mavjud;
- Offteyk shartnomalari taʼminlangan.
Savdo jarayoni haqida:
Xususiylashtirish jarayoni mahalliy va xalqaro ishtirokchilar uchun ochiq boʻlib, ikki bosqichda amalga oshiriladi:
- Sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish (EoI);
- Majburiyatga ega boʻlgan takliflar taqdim etish (BO).
EoI bosqichi talablari:
Talabgorlar quyidagi maʼlumotlar bilan EoI arizalarini taqdim etishlari kerak:
- Talabgor haqida qisqacha maʼlumot (roʻyxatdan oʻtganligi toʻgʻrisida maʼlumot, faoliyat turi);
- Ustav kapitalida 5% va undan ortiq ulushga ega aksiyadorlar/ishtirokchilar va yakuniy benefitsiarlar toʻgʻrisida maʼlumot;
- Oxirgi 3 yil uchun moliyaviy hisobotlar;
Xususiylashtirish jarayoni doirasida quyidagi investitsion majburiyatlar belgilangan boʻlib, EoI arizasi tarkibida talabgorlardan mazkur yoʻnalishlar boʻyicha umumiy yondashuv va tayyorlik darajasini aks ettirishi kutilmoqda:
- “Sherobod sement zavodi” MCHJni koʻmir yoqilgʻisi asosida ishlashga oʻtkazish boʻyicha qayta jihozlash;
- “Shargʻunkoʻmir” AJda qazib chiqarish quvvatlarini 2026-yil II yarim yilligidan boshlab 1 mln tonnaga yetkazish uchun kamida 20 mln AQSH dollari toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya kiritish.
EoI arizalari talabgor xohishiga koʻra oʻzbek, rus yoki ingliz tillarida tayyorlanib, 2026-yil 21-yanvar soat 23:59 ga (Toshkent vaqti bilan) qadar info@alkes.co elektron manziliga yuborilishi lozim.
Saralash mezonlari:
- Aktivlarni sotib olish uchun moliyaviy resurslarining yetarliligi;
- xususiylashtirish jarayonida ishtirok etilishini taqiqlashi mumkin boʻlgan maʼmuriy, hakamlik yoki boshqa sud jarayonlarining yoʻqligi;
- Oʻzbekiston Respublikasining 660-II-sonli “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuniga rioya etilishi;
- Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) hech biri davlat kompaniyasi emasligi;
- Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning tegishli shaxslaridan hech biri Yevropa Ittifoqi va AQSHning, shuningdek yirik xalqaro moliya institutlarining (Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki) sanksiyalari roʻyxatiga kiritilmagan boʻlishi. Shu bilan birga, ariza topshirilgan sanada talabgorlar sanksiyalangan shaxs(lar) yoki yuqorida aytib oʻtilgan sanksiya organlari tomonidan har qanday ish yoki tergov obyekti(lari) boʻlmasligi, talabgorlar (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning tegishli shaxslaridan hech biri yuqorida aytib oʻtilgan muassasalar va davlatlarning sanksiyalar rejimiga zid boʻlgan har qanday faoliyatga (toʻgʻridan-toʻgʻri yoki biron bir shuʼba korxonasi orqali) jalb etilmagan boʻlishlari va Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri), shuningdek uning tegishli shaxslaridan birortasining asosiy moliyalashtiruvchi tomonlari yoki kreditorlari sanksiyadagi shaxslar yoki sanksiyadagi shaxslarga tegishli boʻlgan yoki ular tomonidan egalik va nazorat qilinadigan banklar yoki moliya institutlari boʻlmasligi.
EoI bosqichi yakunlangach, navbatdagi bosqichga oʻtganlar roʻyxati shakllantiriladi va Davlat aktivlari agentligi tomonidan mazkur bosqich natijasi boʻyicha tegishli eʼlon beriladi. Konsultant tomonidan qiziqish bildirgan barcha talabgorlarga Jarayon xati (Process Letter) orqali jarayon natijalari va keyingi bosqich toʻgʻrisida individual ravishda xabardor qilinadi.
Keyingi bosqich boʻyicha qisqa maʼlumot:
Savdo jarayonining yakuniy – Majburiyatga ega boʻlgan (BO) takliflarni qabul qilish bosqichiga oʻtgan ishtirokchilar bilan Axborotni oshkor etmaslik toʻgʻrisidagi bitim (NDA) imzolanadi va majburiyatga ega boʻlgan tijorat takliflarini tayyorlash uchun virtual maʼlumotlar xonasiga (VDR) kirish taʼminlanadi hamda Konsultant tomonidan tayyorlangan Aktivlarning moliyaviy, soliq va yuridik faoliyati boʻyicha kompleks tahliliy hisobotlar (vendor due diligence)ni oʻrganish imkoniyatiga ega boʻladi.
Majburiyatga ega takliflar (BO)ni taqdim etishdan avval Aktivlarning faoliyat sohasining rivojlanish strategiyasini inobatga olgan holda xususiylashtirilish va kelgusi faoliyatiga qoʻyiladigan talablarga oid Savdoning asosiy shartlari boʻyicha Bitim (Term Sheet) imzolanishi talab etiladi.
Shu bilan birga, ishtirokchilar tomonidan “E-auksion” elektron savdo platformasida ochiladigan shaxsiy kabinetlari orqali Majburiyatga ega boʻlgan takliflarining kamida 1 foizini kafolatli toʻlov (zakalat) sifatida oʻtkazish talab etiladi. Bunda, mazkur kafolat toʻlovi (zakalat) jarayon yakunida ishtirokchilarga qaytariladi, xususiylashtirish jarayoni gʻolibi boʻlgan talabgorning kafolat toʻlovi (zakalati) – sotib olish toʻlovining bir qismi sifatida Xususiylashtirish jamgʻarmasiga oʻtkaziladi.
Ushbu eʼlon chop etilgandan soʻng Konsultant Aktivlarni targʻib qilish, investitsiya tizerlarini tarqatish va investorlar bilan faol muloqotga kirishish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
Davlat aktivlari agentligi Konsultant bilan hamkorlikda savdo jarayonining har bir bosqichi toʻgʻrisida jamoatchilikka axborot berib, ishtirokchilarni xabardor qilib borilishini taʼminlaydi.
Aloqa uchun:
- Odil Musayev, “Alkes Research” MChJ direktori, omusaev@alkes.co, tel.: +998(99) 928-88-29
- Umidbek Ashurov, Davlat aktivlari agentligi mas'ul xodimi, tel.: +998(71) 259-20-68
Diskleymer:
Davlat aktivlari agentligi sotish jarayonining ketma-ketligini oʻzgartirish yoki potensial xaridorga (xaridorlarga) sotishni yoki sabablarini tushuntirmasdan istalgan vaqtda ular bilan muzokara olib borishni rad etish huquqini oʻzida saqlab qoladi.
Ushbu eʼlon yoki uning mazmunining biron-bir qismi mazkur eʼlon chop etilishidan kelib chiqib taxmin qilinishi mumkin boʻlgan Davlat aktivlari agentligining Aktivlarni sotish bilan bogʻliq biror-bir shakldagi majburiyati sifatida talqin qilinmasligi kerak. Davlat aktivlari agentligi oʻz xohishiga koʻra har qanday vaqtda va har qanday munosabatda, birgalikdagi yoki shaxsiy javobgarlikni oʻz zimmalariga olmasdan:
(i) savdo jarayonining bosqichlari muddati va tartibini oʻzgartirish;
(ii) turli xil manfaatdor tomonlar uchun turli xil tartib-qoidalar boʻyicha ish tutish va/yoki Davlat aktivlari agentligi tomonidan koʻzda tutilgan reja-jadval va tartib doirasida istalgan boshqa potensial xaridorni (xaridorlarni) oldindan ogohlantirmasdan chiqarib tashlagan holda bir yoki bir nechta potensial xaridorlar bilan muzokaralar olib borish;
(iii) aniq sababga koʻra sotish jarayonini toʻxtatish;
(iv) va/yoki istalgan vaqtda va sabablarni tushuntirmasdan Savdoga taalluqli boʻlgan har qanday potensial xaridor (xaridorlar) bilan har qanday muhokama va muzokaralarni olib borish/tugatish huquqlarini oʻzida saqlab qoladi.
