“Boysunkoʻmir” MChJ ustav kapitalidagi davlat ulushini xususiylashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi
2025-12-29 15:30:00 / Yangiliklar

Avval maʼlum qilinganidek, tegishli xususiylashtirish dasturlariga muvofiq, Davlat aktivlari agentligi tomonidan “Alkes Research” MChJ konsalting kompaniyasini xususiylashtirish boʻyicha konsultant sifatida jalb qilingan holda “Boysunko‘mir” MChJ (keyingi oʻrinlarda – Aktiv) ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini sotish boʻyicha ochiq savdo jarayonlari oʻtkazildi.
Xususiylashtirish jarayoni doirasida, Konsultant tomonidan keng qamrovli marketing va targʻibot ishlari amalga oshirildi, jumladan, investitsiya tizerlari salohiyatli investorlarga yuborildi. Natijada, 4 nafar investorlar tomonidan sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish toʻgʻrisidagi arizalar (Expression of Interest) Konsultantga kelib tushdi va barcha talabgorlar xususiylashtirish jarayonining keyingi – Majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO)ni taqdim etish bosqichida ishtirok etish uchun taklif qilindi.
Ushbu bosqichda, talabgorlar bilan Axborotni oshkor etmaslik toʻgʻrisidagi bitim (NDA) imzolanib, Konsultant tomonidan tayyorlangan Aktivning moliyaviy, soliq, huquqiy va ekologik faoliyati yuzasidan kompleks tahlil (due-diligence) hisobotlari joylashtirilgan virtual maʼlumotlar xonasi (VDR)ga kirish va Aktivning boshqaruv organi bilan uchrashish imkoniyati yaratildi.
Belgilangan muddatlarda 2 nafar talabgor tomonidan Majburiyatga ega boʻlgan takliflar (BO) taqdim qilindi va Aktivni sotib olish uchun eng yuqori narx taklifini bildirgan “Stroy grand servise” MChJ 26 mlrd soʻm sotib olish toʻlovini toʻlash sharti bilan savdo gʻolibi deb topildi. “Davlat mulkini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunning 31-moddasida belgilangan imkoniyatdan foydalangan holda, Xaridor sotib olish toʻlovining dastlabki 50 foizini 1 oy davomida amalga oshiradi.
Shu bilan birga, Aktivning asosiy faoliyat turini 10 yildan kam boʻlmagan muddat davomida saqlab qolishi, Aktiv faoliyatiga doir masalalarda Oʻzbekiston Respublikasi Geologiya va konchilik sanoati vazirligi tomonidan qo‘yiladigan talablarga amal qilishi lozimligi Xaridor tomonidan qabul qilingan.
Shuningdek, Xaridor sotib olish to‘loviga qo‘shimcha ravishda 2025-2030 yillarda Aktiv rivojlantirish uchun 20,0 mln. AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritish, 2030-yilgacha ko‘mir qazib chiqarish hajmini yiliga kamida 400 ming tonnaga yetkazish hamda mavjud ish o‘rinlarini saqlagan holda qo‘shimcha ravishda kamida 300 ta yangi ish o‘rinlarini yaratish kabi majburiyatlarni o‘z zimmasiga oladi.
Xaridorning taklifi Konsultant tomonidan hisoblangan Aktivning indikativ narxlar oraligʻining yuqori qismida joylashgan hamda baholangan qiymatidan yuqori.
Aktivni xususiylashtirish natijalari Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish davlat komissiyasining tegishli qarori bilan maʼqullangan.
Davlat aktivlari agentligi mazkur savdo jarayonlarida ishtirok etgan barcha tomonlarga o'z minnatdorchiligini bildiradi, shuningdek, yakuniy bosqichda ishtirok etgan talabgorlarga Konsultant tomonidan uning natijasi bo'yicha individual xabarnomalar yuboriladi.
