XALQARO HAMKORLIK
2025-03-05 14:55:00 / Yangiliklar

Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sardor Yakubekov joriy yilning 4-5 mart kunlari, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlaridan iborat delegatsiyaning Vena shahriga tashrifi chog‘ida Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) bilan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha "Yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish va uni har tomonlama muhokama qilish maqsadida uchrashuv o‘tkazmoqda. Ushbu uchrashuvdan maqsad XAEA bilan hamkorlik imkoniyatlarini tahlil qilish borasida ishchi guruh tuzish, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida milliy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun texnik va ekspertlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, yadro xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konvensiyalarga integratsiya qilish, O‘zbekiston Respublikasida xalqaro xavfsizlik standartlarini qo‘llash, shuningdek, atom energiyasi sohasida malaka oshirish va kadrlar tayyorlash uchun mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlik qilishga qaratilgan. Muzokaralarda asosiy e’tibor "Atoms4Food"- yadro texnologiyalari yordamida qishloq xo‘jaligi va chorvachilikni takomillashtirish, tabiiy resurslarni boshqarishni yaxshilash, oziq-ovqat yo‘qotishlarini kamaytirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, oziqlanishni yaxshilash va iqlim o‘zgarishlarining ta’siriga moslashishga qaratilgan innovatsion yechimlarni qidirishga mo‘ljallangan dastur muhokamasiga qaratiladi. Shu bilan birgalikda, XAEAning "Umid nuri" loyihasi doirasida onkologik kasalliklarni oldini olish va davolashni yaxshilash uchun mintaqaviy qo‘llab-quvvatlash markazini yaratish, Yadro fizikasi institutida ilmiy tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligi masalalari va avvalgi uran ob’ektlari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi guruhning har yili o‘tkaziladigan yig‘ilishini tashkillashtirish masalalari muhokama qilinadi. Uchrashuv davomida shuningdek, XAEAning xalqaro maktabi faoliyatini tashkil etish va O‘zbekiston energetika haftaligi doirasida panelli sessiya o‘tkazish masalalarini muhokama qilish ham rejalashtirilgan. Ochiq muloqot va muhim hamkorlik, yadro energetikasi va unga yaqin sohalardagi maqsadlarga erishish uchun samarali mexanizmlar ishlab chiqish asosida hamkorlikni mustahkamlashda asos bo‘lib xizmat qiladi.




