KIMYOVIY, BIOLOGIK, RADIOLOGIK VA YADROVIY XAVFLARNI KAMAYTIRISh BO‘YICHA MINTAQAVIY HAMKORLIK
2025-02-12 17:10:00 / Yangiliklar
![KIMYOVIY, BIOLOGIK, RADIOLOGIK VA YADROVIY XAVFLARNI KAMAYTIRISh BO‘YICHA MINTAQAVIY HAMKORLIK](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fapi-portal.gov.uz%2Fuploads%2Fc03f0f21-b3a1-9f30-b98c-ea0ea27c453f_lists_slider_.jpg&w=3840&q=75)
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi raisi – Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan Kimyoviy, biologik, radiologik va yadroviy (KBRYa) xavflarni kamaytirish bo‘yicha Ilg‘or tajriba markazlari (ITM) tashabbusining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy kotibiyati rahbari Abduvaqqos Rafiqov hamda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi texnik hamkorlik bo‘limi rahbari Vim Riepma o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Markaziy Osiyoda, jumladan, O‘zbekistonda kimyoviy, biologik, radiologik va yadroviy (KBRYa) xavflarni kamaytirish, mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish va bu borada salohiyatni oshirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar KBRYa tahdidlariga qarshi samarali strategiyalarni amalga oshirish muhimligini va ushbu tashabbus xavflarni yumshatish bilan birga, tinchlik va barqarorlikka ham hissa qo‘shayotganini qayd etdi. Yevropa Ittifoqining Kimyoviy, biologik, radiologik va yadroviy xavflarni kamaytirish bo‘yicha Ilg‘or tajriba markazlari (ITM) tashabbusi doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar milliy mutaxassislar uchun salohiyatni oshirish va ixtisoslashtirilgan treninglar tashkil etish, shuningdek, KBRYa xatarlari va tahdidlarini samarali boshqarish bo‘yicha kompleks strategiyalarni ishlab chiqishni o‘z ichiga oladi.Ushbu sa’y-harakatlar Markaziy Osiyo davlatlarining o‘ziga xos ehtiyojlarini qondirish hamda Yevropaning ilg‘or tajribalarini joriy etishga qaratilgan. Shuningdek, uchrashuvda KBRYa xatarlariga qarshi chidamlilikni oshirish, texnik yordam ko‘rsatish, bilim va tajriba almashish hamda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Uchrashuv yakunida tomonlar KBRYa xavflarini samarali boshqarish orqali mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.