“Ona tilim – jonu dilim” mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi
2026-10-16 14:00:00 / Yangiliklar

Tadbirning asosiy maqsadi o‘zbek tilining xalqimiz hayotidagi o‘rni va nufuzini yuksaltirish, davlat tilining amaliyotda to‘laqonli qo‘llanilishini kengaytirish, shuningdek, milliy an’ana va qadriyatlarga hurmatni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Tadbirni Qo‘mita raisi o‘rinbosari Sardorbek Sayfutdinbekovich Yakubekov hamda Qo‘mita raisining ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Anvar Yashnarbekovich Yashnarbekov kirish so‘zi bilan ochib, davlat tilining jamiyat hayotidagi ahamiyati, uni rivojlantirish va nufuzini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida fikr bildirdilar.
Tadbir doirasida Toshkent davlat yuridik universiteti yuridik fanlar doktori, professor Feruza Abdurashidovna Muhitdinova tomonidan “Davlat tilining huquqiy asoslari va takomillashtirish masalalari” mavzusida ma’ruza qilindi. Unda davlat tilining huquqiy asoslari, qonunchilik talablariga rioya etish, o‘zbek tilining davlat boshqaruvi va ish yuritish jarayonlaridagi qo‘llanilishini takomillashtirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, texnika fanlari doktori, professor Bori Batirovich Alixanovning “Global o‘zgarishlar jarayonida O‘zbekistonda ekologik, energetik va sanoat xavfsizligini ta’minlash” nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Taqdimot davomida asarning mazmun-mohiyati, unda yoritilgan masalalar hamda ekologik, energetik va sanoat xavfsizligini ta’minlashning dolzarb jihatlari haqida fikr almashildi.
Tadbir davomida mehmonlar va Qo‘mita xodimlari tomonidan ona tilining qadri, uning milliy o‘zlikni anglashdagi o‘rni, davlat tiliga hurmat va e’tiborni kuchaytirish borasida chiqishlar qilindi.
Dastur doirasida Qo‘mita xodimlari o‘rtasida ommaviy “Umummilliy diktant” loyihasi o‘tkazilib, ishtirokchilarning savodxonligini oshirish, imlo qoidalariga rioya etish va yozma nutq madaniyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunida davlat tilini rivojlantirish, uni kundalik faoliyat va rasmiy ish yuritishda to‘g‘ri qo‘llash, o‘zbek tilining jamiyatdagi nufuzi va mavqeyini yanada mustahkamlash har bir xodimning muhim vazifalaridan biri ekani ta’kidlandi.
Ona tiliga ehtirom — milliy qadriyatlarimizga ehtiromdir. Davlat tilining nufuzi va ravnaqi esa barchamizning mas’uliyatimizdir.









