Yer osti gaz tarmoqlarida xavfsizlik choralari kuchaytirilmoqda
2026-09-29 12:00:00 / Yangiliklar

Yakkasaroy tumani Glinka ko‘chasida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisadan kelib chiqib, Toshkent shahrida yer osti gaz tarmoqlarining texnik holatini o‘rganish, mavjud xavflarni barvaqt aniqlash va kelgusida shunga o‘xshash holatlarning oldini olish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan yer osti gaz tarmoqlaridan xavfsiz foydalanish masalalariga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi.
Tadbirda “Energoinspeksiya” rahbari va rahbar o‘rinbosari, “Energoinspeksiya”ning Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i va boshliq o‘rinbosari, “Hududgazta’minot” AJ birinchi o‘rinbosari, “Hududgaz Poytaxt” gaz ta’minoti filiali rahbari hamda muhandis-texnik xodimlari ishtirok etdi.
O‘rganishlar davomida Toshkent shahridagi 2 194,98 km yer osti gaz quvurlarining 1 012,65 km qismi ko‘rib chiqilib, 43 ta gaz sizib chiqish holati aniqlangan. Ularning 39 tasi bartaraf etilgan.
Taqdimotda gaz quvurlarining texnik holati, gaz sizib chiqishini o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish, texnik xizmat ko‘rsatish hamda muhofaza zonalarida xavfsizlik talablariga rioya etish masalalari muhokama qilindi.
Yakunida yer osti gaz tarmoqlarida nazorat va xavfsizlik choralarini kuchaytirish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda baxtsiz hodisalarning oldini olish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab olindi.


