Taxiatosh IESda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida maxsus o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi
2026-09-26 16:00:00 / Yangiliklar

“Taxiatosh IES” AJda 2026–2027-yillar kuz-qish mavsumida energetika qurilmalarining barqaror va xavfsiz ishlashini ta’minlash, sanoat xavfsizligi talablariga rioya etish, ishlab chiqarish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda holatlarning oldini olish hamda fuqaro muhofazasi va yong‘in xavfsizligi bo‘yicha xodimlarning amaliy ko‘nikmalarini oshirish maqsadida maxsus o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.
Mashg‘ulotda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi vakillari ham ishtirok etib, korxonada kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonida sanoat xavfsizligi talablarining bajarilishi, energetika qurilmalari va texnologik uskunalarning xavfsiz ekspluatatsiyasi, ehtimoliy xavf va avariya holatlarining oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarni o‘rgandilar.
O‘quv mashg‘ulotining asosiy maqsadi — favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda obyekt rahbariyati va fuqaro muhofazasi tuzilmalari tomonidan tegishli xizmatlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan tadbirlarni amalda sinovdan o‘tkazish, favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish shtabi a’zolari hamda fuqaro muhofazasi tuzilmalari shaxsiy tarkibining tezkor va to‘g‘ri qaror qabul qilish ko‘nikmalarini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Mashg‘ulotlarda fuqaro muhofazasi xizmatlari rahbarlari, tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi, Ichki ishlar bo‘limi, Sog‘liqni saqlash bo‘limi vakillari, korxona fuqaro muhofazasi rahbariyati va shtab a’zolari, fuqaro muhofazasi tuzilmalari, ishchi-xizmatchilar hamda maxsus texnika vositalari ishtirok etdi.
Amaliy mashg‘ulotlar davomida kuch transformatorida shartli ravishda yuzaga kelgan yong‘in holatida tegishli xizmat va guruhlarning harakatlari sinovdan o‘tkazildi. Jumladan, yong‘in oqibatida jarohatlangan xodimlarni qutqarish, yong‘inni tezkor bartaraf etish, obyekt hududidagi xodimlarni xavfsiz joyga olib chiqish hamda jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha amaliy harakatlar bajarildi.
Shuningdek, mas’ul xodimlar tomonidan mashg‘ulotga tayyorgarlik jarayoni va undagi harakatlar tahlil qilinib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, sanoat xavfsizligi talablariga qat’iy rioya qilish hamda kuz-qish mavsumida energetika qurilmalarining ishonchli va xavfsiz ishlashini ta’minlash yuzasidan tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Bunday amaliy mashg‘ulotlar ishlab chiqarish obyektlarida xavfsizlikni ta’minlash, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan holatlarda xodimlarning tezkor hamda muvofiqlashtirilgan harakatlarini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.






