AESlar quvvati uch barobar oshishi mumkin
2026-09-16 12:00:00 / Yangiliklar

Shuningdek, kichik modulli reaktorlar (KMR) ekologik toza energiyaning yangi muhim manbasiga aylanib, ekspluatatsiyadan chiqarilayotgan reaktorlar quvvatlarining o‘rnini qoplashga bo‘lgan tobora dolzarb ehtiyojni ta’minlashda muhim o‘rin tutishi kutilmoqda.
Bugun Vena shahrida bo‘lib o‘tayotgan XAEA Bosh konferensiyasining 70-sessiyasida Agentlik Bosh direktori Rafael Mariano Grossi «2060-yilgacha bo‘lgan davr uchun energiya, elektr energiyasi va atom energetikasi bo‘yicha baholashlar» nomli 46-yillik hisobotda keltirilgan yangi prognozlarni ma’lum qildi.
XAEA oltinchi yildirki, atom energetikasining kelgusidagi o‘sishi bo‘yicha prognozlarini yuqori tomonga qayta ko‘rib chiqmoqda. Ilgari 2050-yilgacha bo‘lgan davrni qamrab olgan ushbu tahliliy hisobot joriy yilgi nashrda 2060-yilgacha uzaytirildi.
2025-yil yakuniga ko‘ra, dunyoda 413 ta amaldagi atom energetikasi reaktori mavjud bo‘lib, ularning umumiy o‘rnatilgan quvvati 377,1 GVt elektr quvvatini tashkil etgan.
Optimistik ssenariyga ko‘ra, 2050-yilga borib mazkur ko‘rsatkich 1045 GVtga yetishi kutilmoqda. Bu o‘tgan yilgi prognozdagi 992 GVt ko‘rsatkichdan yuqori. 2060-yilga kelib esa quvvat 1284 GVtga yetishi mumkin. Bu 2025-yildagi darajaga nisbatan qariyb 3,4 barobar ko‘pdir.
Pessimistik ssenariyda esa 2060-yilga borib umumiy atom energetikasi quvvati 696 GVtga yetishi prognoz qilinmoqda. Bu ham 2025-yildagi ko‘rsatkichdan qariyb ikki barobar yuqoridir.
«XAEA prognozlari elektr energiyasiga bo‘lgan global talabning ortib borishini qondirishda atom energetikasining tobora muhim ahamiyat kasb etayotganini ko‘rsatmoqda. Ushbu salohiyatni ro‘yobga chiqarish uchun yangi atom energetikasi quvvatlariga investitsiyalar kiritish hamda amaldagi reaktorlarning xizmat muddatini uzaytirish zarur», — dedi XAEA Bosh direktori Rafael Mariano Grossi.
Atom energetikasining jahon elektr energetikasidagi ulushi
2025-yilda atom elektr stansiyalarida elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 2024-yilga nisbatan 1,1 foizga oshib, 2689,1 TVt·soatni tashkil etdi.
Shu bilan birga, jahonda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi tezroq — 2,7 foizga o‘sdi. Natijada atom energetikasining global elektr energiyasi ishlab chiqarishdagi ulushi 2024-yildagi 8,7 foizdan 2025-yilda 8,4 foizga kamaydi.
Bu holat atom elektr stansiyalarida elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmining jahondagi umumiy elektr energiyasi ishlab chiqarish sur’atlariga nisbatan sekinroq o‘sgani bilan izohlanadi.
Markaziy va Sharqiy Osiyoda atom energetikasi quvvatlari sezilarli darajada oshishi kutilmoqda
Hisobotga ko‘ra, kelgusida dunyoda atom energetikasi quvvatlarining eng katta qismi Markaziy va Sharqiy Osiyo hisobiga to‘g‘ri keladi.
Optimistik ssenariyga ko‘ra, ushbu hududda atom energetikasi quvvatlari 2025-yildagi 114 GVt dan 2060-yilga borib 407 GVtgacha oshishi mumkin.
Shu davrda atom elektr stansiyalarida ishlab chiqariladigan elektr energiyasi hajmi ham 2025-yildagi ko‘rsatkichga nisbatan qariyb besh barobarga oshishi kutilmoqda.
Kichik modulli reaktorlardan foydalanish ko‘lami kengayadi
Kelgusi o‘n yilliklarda kichik modulli reaktorlarning (KMR) roli ortib borishi kutilmoqda.
Optimistik ssenariyga ko‘ra, 2060-yilgacha ishga tushiriladigan yangi atom energetikasi quvvatlarining 28 foizini KMRlar tashkil qilishi mumkin. Pessimistik ssenariyda esa ushbu ko‘rsatkich 23 foizni tashkil etadi.
Taqqoslash uchun, XAEAning avvalgi hisobotida optimistik ssenariy bo‘yicha yangi quvvatlarning 24 foizi, pessimistlik ssenariyda esa atigi 5 foizi KMRlarga to‘g‘ri kelishi prognoz qilingan edi.
Yangi hisobotda KMRlarning hududlar kesimida joriy etilishi bo‘yicha ham prognozlar keltirilgan.
Xususan, Shimoliy Amerikada KMRlardan foydalanish ayniqsa faol bo‘lishi va yangi atom energetikasi quvvatlarining qariyb 60 foizi ushbu texnologiya hisobiga to‘g‘ri kelishi mumkin.
Janubi-Sharqiy Osiyo, shuningdek, Lotin Amerikasi va Karib havzasi mamlakatlarida ham KMRlardan foydalanish keng tus olishi kutilmoqda. Ushbu hududlarda har ikki ssenariy bo‘yicha yangi quvvatlarning 40 foizi KMRlar hisobiga to‘g‘ri kelishi mumkin.
Ekspluatatsiyadan chiqarilayotgan reaktorlar quvvatlarini qoplash masalasi
Bugungi kunda har uchta atom energetikasi reaktoridan ikkitasi 30 yildan ortiq vaqtdan buyon ishlab kelmoqda. Reaktorlarning 45 foizidan ortig‘ining ekspluatatsiya muddati esa 40 yildan oshgan.
Optimistik ssenariyga ko‘ra, 2060-yilga borib 2025-yilda faoliyat yuritayotgan AESlarning taxminan uchdan bir qismi ekspluatatsiyadan chiqariladi.
Pessimistik ssenariyda esa ushbu ko‘rsatkich qariyb uchdan ikki qismga yetishi mumkin.
Shu munosabat bilan hisobotda reaktorlarni ekspluatatsiyadan chiqarish jarayoniga oldindan tayyorgarlik ko‘rish va natijada yuzaga keladigan quvvatlar yo‘qotilishini qoplash zarurligi ta’kidlangan.
Bu yo‘nalishda amaliy ishlar allaqachon boshlangan. 2025-yilda umumiy quvvati 2,8 GVt bo‘lgan 7 ta energoblok ekspluatatsiyadan chiqarildi.
Shu bilan birga, umumiy quvvati 3,0 GVt bo‘lgan 3 ta yangi atom energetikasi reaktori elektr tarmog‘iga ulandi va umumiy quvvati 14,3 GVt bo‘lishi kutilayotgan 12 ta yangi reaktor qurilishi boshlandi.
Bundan tashqari, qator hududlarda amaldagi AESlar parklarining xizmat muddatini uzaytirish va modernizatsiya qilish dasturlari amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, elektr energiyasi bozorlarida raqobatbardoshligini saqlab qolish maqsadida amaldagi reaktorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi siyosat choralari joriy etilmoqda.
Ma’lumot uchun
XAEAning «2060-yilgacha bo‘lgan davr uchun energiya, elektr energiyasi va atom energetikasi bo‘yicha baholashlar» nomli 46-nashrida atom energetikasi sohasidagi global tendensiyalar hududlar kesimida batafsil tahlil qilingan.
Hujjatda keltirilgan pessimistik va optimistik baholashlar jahonda atom energetikasini rivojlantirishning turli ssenariylarini aks ettiradi.
Prognozlar uchta asosiy manbaga tayanadi:
-
XAEAning energetik reaktorlar bo‘yicha axborot tizimi;
-
atom energetikasi quvvatlarini prognozlash bo‘yicha XAEAning yillik maslahat yig‘ilishi xulosalari;
-
XAEA va Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) Yadro energetikasi agentligi tomonidan tayyorlangan «Uran: resurslar, ishlab chiqarish va talab» nashri.
XAEA prognozlari ilk bor 46 yil avval e’lon qilingan bo‘lib, shundan buyon muntazam ravishda takomillashtirib kelinmoqda. Ular jahon energetikasidagi o‘zgarib borayotgan vaziyatni hisobga oladi.
So‘nggi o‘n yil davomida atom energetikasi XAEAning avvalgi nashrlarida keltirilgan prognozlarga muvofiq ravishda rivojlanib kelmoqda.
