O‘zbekiston va Rossiya: yadro xavfsizligi bo‘yicha hamkorlik
2026-09-15 21:00:00 / Yangiliklar

Muloqotda yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlikni ta’minlash, atom energetikasini davlat tomonidan tartibga solish, litsenziyalash, inspeksiya faoliyati hamda ikki mamlakat vakolatli organlari o‘rtasida amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvlarning asosiy maqsadi — O‘zbekistonda atom energetikasini rivojlantirish jarayonida xavfsizlikni ta’minlashning zamonaviy va samarali mexanizmlarini shakllantirish, ilg‘or xalqaro tajribani milliy amaliyotga joriy etish hamda tartibga soluvchi organlarning institutsional salohiyatini kuchaytirishdan iborat. Bu esa, o‘z navbatida, mutaxassislar malakasini oshirish, qo‘shma o‘quv tadbirlari va ekspertlar ishtirokidagi seminarlarni tashkil etish, davlat nazorati va inspeksiya mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek, AESlarni qurish va ekspluatatsiya qilishning barcha bosqichlarida xavfsizlik talablarini samarali qo‘llash imkonini beradi.
14–18-sentabr kunlari Vena shahrida o‘tkazilayotgan AEXAning 70-Bosh konferensiyasida Agentlikka a’zo 181 ta davlat vakillari ishtirok etmoqda. Konferensiya kun tartibidan yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlik, atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish, xalqaro hamkorlik hamda sohani davlat tomonidan tartibga solish masalalari o‘rin olgan.
O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi atom energetikasi sohasidagi bugungi muloqot izchil va ko‘p bosqichli hamkorlikka tayanadi. Davlat rahbarlari darajasida shakllangan siyosiy va strategik kelishuvlar bugungi kunda tegishli vazirlik va idoralar, xususan, yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlikni tartibga soluvchi organlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlik bilan to‘ldirilmoqda.
⚛️ O‘zbekistonda atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha Rossiya bilan hamkorlik bir necha yillardan buyon izchil davom etib kelmoqda. Ushbu jarayon doirasida atom elektr stansiyalarini loyihalash va qurish bilan bir qatorda, yadroviy xavfsizlik, davlat nazorati, litsenziyalash va inspeksiya faoliyati, kadrlar tayyorlash hamda radiatsiyaviy himoya masalalariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
🇷🇺 Rossiyaning tajribasi bu borada muhim amaliy ahamiyatga ega. Mamlakatda atom energetikasi sohasi uzoq yillik tajribaga ega bo‘lib, atom elektr stansiyalarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiya qilish, yadroviy obyektlar ustidan davlat nazoratini amalga oshirish, litsenziyalash va inspeksiya faoliyatini tashkil etish bo‘yicha keng ko‘lamli amaliy tajriba shakllangan.
Shuningdek, Rossiyada radiatsiyaviy monitoring, yadroviy va radiatsiyaviy obyektlarning xavfsizligini baholash, favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik ko‘rish va xavfsizlik talablariga rioya etilishini nazorat qilish bo‘yicha tizimli mexanizmlar rivojlangan. Ushbu tajribani o‘rganish O‘zbekiston uchun atom energetikasi infratuzilmasi shakllanayotgan hozirgi bosqichda ayniqsa muhimdir.
Bugungi hamkorlikning asosiy qiymati — tajriba almashish bilangina cheklanmaydi. U O‘zbekistonda yadroviy va radiatsiyaviy xavfsizlikni ta’minlashning mustahkam huquqiy, institutsional va texnik asoslarini yaratish, milliy mutaxassislar salohiyatini oshirish va davlat nazoratining ilg‘or mexanizmlarini joriy etishga xizmat qiladi.
Shu jihatdan, AEXA 70-Bosh konferensiyasi doirasidagi ikki tomonlama uchrashuvlar O‘zbekistonning atom energetikasini xavfsizlik, xalqaro standartlar va mas’uliyat tamoyillari asosida rivojlantirish yo‘lidagi xalqaro hamkorlikni yangi amaliy bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.






