Riskka asoslangan inspeksiya nima va nega muhim?
2026-07-08 11:00:00 / Yangiliklar

Aynan shu maqsadda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi hamda ROSEN Group hamkorligida “Risk omillarini hisobga olgan holda inspeksiya: API RP 580/581” mavzusida o‘quv seminari tashkil etilmoqda.
🔎 Risk-Based Inspection (RBI) — bu uskunalarni oddiy reja asosida emas, balki ularning xavflilik darajasi, korroziya ehtimoli, shikastlanish mexanizmlari va ishlab chiqarish jarayoniga ta’siridan kelib chiqib tekshirish yondashuvidir.
Ya’ni, RBI yondashuvi orqali qaysi uskuna ko‘proq xavf tug‘dirishi, qaysi joyda nosozlik ehtimoli yuqoriligi va qaysi obyektga ko‘proq e’tibor qaratish zarurligi aniqlanadi.
📘 API RP 580/581 standartlari esa ushbu jarayonni xalqaro amaliyot asosida tizimli tashkil etishga xizmat qiladi. Bu standartlar xavflarni baholash, inspeksiya rejasini shakllantirish va ishlab chiqarish xavfsizligini oshirishda muhim metodik asos hisoblanadi.
🤝 Ushbu yo‘nalishdagi hamkorlik joriy yil 14-may kuni Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi hamda ishlab chiqarish aktivlari yaxlitligini ta’minlash sohasida jahon miqyosida tajribaga ega ROSEN Group o‘rtasida imzolangan O‘zaro anglashuv memorandumi doirasida amalga oshirilmoqda.
Mazkur memorandum neft-gaz va kimyo sohalarida texnik hamkorlikni rivojlantirish, zamonaviy diagnostika usullarini joriy etish, xavflarni boshqarish amaliyotlarini takomillashtirish hamda mutaxassislar o‘rtasida bilim almashinuvini kengaytirishga qaratilgan.
⚙️ Bugun “Kontexnazorato‘quv” davlat muassasasida davom etayotgan o‘quv seminarida Qo‘mita nazoratidagi yirik sanoat obyektlari vakillari aynan shu yondashuvlar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlamoqda.
✅ Bunday treninglar sanoat obyektlarida xavfsizlik madaniyatini oshirish, uskunalarning ishonchli ishlashini ta’minlash hamda tekshiruv jarayonlariga zamonaviy va riskka asoslangan yondashuvlarni joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
🌐 Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi Axborot xizmati
