XAEAning INIR “Follow-up” 2-bosqich missiyasi: ikkinchi kun yakunlari
2026-06-24 09:00:00 / Yangiliklar

Missiyaning ikkinchi kuni XAEA ekspertlari hamda O‘zbekiston vazirlik va idoralari vakillari birinchi kun natijalarini sarhisob qilib, taqdim etilgan ma’lumotlarni muhokama qildi.
Kunning birinchi yarmida quyidagi yo‘nalishlar ko‘rib chiqildi:
🔹 moliyalashtirish va ta’minlash;
🔹 huquqiy asos;
🔹 atom elektr stansiyasi qurilishi investitsiyalarini iqtisodiy baholash;
🔹 sohaga oid normativ-huquqiy bazani shakllantirish.
Muzokaralarda Chexiyadagi “Dukovani”, Bangladeshdagi “Ruppur”, Vengriyadagi “Paksh-2”, Misrdagi “El-Dabaa”, shuningdek, Rossiyadagi Kursk va Leningrad AES-2 loyihalari tajribasiga alohida e’tibor qaratildi.
XAEA O‘zbekistonning yadroviy zarar uchun fuqarolik javobgarligi, yadro xavfsizligi, yadroviy avariya haqida tezkor xabardor qilish hamda radiatsiyaviy yoki yadroviy avariya holatida yordam ko‘rsatishga oid asosiy xalqaro konvensiyalarga qo‘shilganini yuqori baholadi.
Kunning ikkinchi yarmida “Kafolatlar” va “Normativ-huquqiy baza” yo‘nalishlari muhokama qilindi. Xitoy, Vengriya, Belarus va Italiya bilan yadro energetikasi hamda yadroviy qurolni tarqatmaslik rejimini ta’minlash sohasidagi hamkorlik masalalariga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, litsenziyalash, ruxsat berish va davlat tomonidan tartibga solish sohalarida normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish masalalari ko‘rib chiqildi.
XAEA ekspertlari texnik hamkorlik doirasida orttirilgan tajribaning regulyator tomonidan normativ hujjatlarni ishlab chiqishda muvaffaqiyatli qo‘llanilayotganini qayd etdi. Qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ekspert organi — “Radiatsiya va yadro xavfsizligi ilmiy-texnik markazi” davlat muassasasining tashkil etilgani ham ijobiy baholandi.
Kun yakunida XAEA ekspertlari zarur savollarga batafsil javob olib, O‘zbekiston Respublikasining yadro infratuzilmasiga oid milliy hisobotni tayyorlashga kirishdi.
Missiya 26-iyunga qadar davom etadi.
🌐 Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi Axborot xizmati





