Gazni qabul qilish va to‘kishda bitta xato ham qimmatga tushishi mumkin: xavfsizlik qoidalariga amal qiling
2026-06-18 15:50:00 / Yangiliklar

Mazkur mavzuga oid videolavha Qo‘mitaning rasmiy Telegram kanalida e’lon qilingan bo‘lib, uni quyidagi havola orqali tomosha qilish mumkin:
Telegram post havolasi: https://t.me/scisuz/12948
Kichik e’tiborsizlik — katta xavfga sabab bo‘lishi mumkin
Gaz to‘kish jarayonida sisterna, shlang, armatura, klapan, ulash moslamalari hamda xavfsizlik belgilarining sozligi alohida аҳамиятga ega. Shu sababli avtomobil sisternalarini qabul qilishdan avval ularni tashqi ko‘rikdan o‘tkazish, zarur belgilar, tamg‘alar va texnik holatini tekshirish talab etiladi.
Mazkur talablar shunchaki rasmiy tartib emas. Ular, avvalo, inson hayoti va salomatligini, atrof-muhitni, ishlab chiqarish obyektlarini hamda mol-mulk xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Jarayonda faqat mas’ul va tayyorgarlikdan o‘tgan xodimlar ishtirok etishi lozim
Gazni to‘kish yoki qabul qilish vaqtida operator, haydovchi hamda jarayonda qatnashuvchi boshqa mas’ul xodimlar maxsus himoya vositalarida bo‘lishi, amaldagi xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilishi zarur.
Shuningdek, hududda tezlik chekloviga amal qilish, begona shaxslarning xavfli zonaga yaqinlashishiga yo‘l qo‘ymaslik, ogohlantiruvchi belgilar va xavfsizlik ko‘rsatmalariga befarq bo‘lmaslik ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Bosim ostidagi shlangni ajratish qat’iyan taqiqlanadi
Gaz to‘kish jarayonida eng xavfli holatlardan biri — bosim ostida turgan shlang yoki ulash moslamalarini ajratishga urinishdir. Bunday harakat gaz sizib chiqishi, yong‘in, portlash yoki inson salomatligiga zarar yetkazuvchi favqulodda holatlarga olib kelishi mumkin.
Shu bois har qanday texnik harakat faqat bosim to‘liq nazoratga olinganidan so‘ng, mas’ul xodimlar tomonidan belgilangan tartibda amalga oshirilishi lozim.
Xavfsizlik qoidalari — har bir ishtirokchining majburiyati
Gazni to‘ldirish, qabul qilish va to‘kish bilan bog‘liq obyektlarda xavfsizlikni ta’minlash faqat bir nafar xodim yoki rahbarning vazifasi emas. Mazkur jarayonda haydovchi, operator, texnik xodim va obyekt mas’ullari birdek javobgardir.
Har bir belgi, har bir tekshiruv, har bir ogohlantirish — ehtimoliy xavfni oldindan bartaraf etish uchun belgilangan muhim talabdir.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi fuqarolarni, haydovchilarni hamda xavfli ishlab chiqarish obyektlarida faoliyat yuritayotgan mas’ul shaxslarni gazni tashish, qabul qilish va to‘kish jarayonlarida sanoat xavfsizligi talablariga qat’iy rioya etishga chaqiradi.
Unutmang, xavfsizlikka amal qilish — nafaqat qonuniy talab, balki inson hayoti va jamiyat osoyishtaligini asrash yo‘lidagi muhim mas’uliyatdir.
Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi Axborot xizmati
