Toshkent xalqaro investitsiya forumida investitsiya va energetika masalalari muhokama qilindi
2026-06-17 18:00:00 / Yangiliklar

📌 Forum dasturi doirasida “Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasida investitsiyalar, savdo va barqaror infratuzilmani rivojlantirish sohasidagi strategik hamkorlik” mavzusidagi panel sessiyada mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, barqaror infratuzilma loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, investorlar uchun qulay va ishonchli muhit yaratish masalalari muhokama qilindi.
⚙️ Ushbu yo‘nalishlar Qo‘mita faoliyati bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, yirik sanoat va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda texnik, sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi talablariga rioya etish muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, sanoat obyektlarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiya qilish jarayonlarida xavfsizlik standartlarining ta’minlanishi investitsiya loyihalarining barqarorligi va ishonchliligini oshirishga xizmat qiladi.
⚡️ Shuningdek, forum doirasida “Energetik o‘tish: Markaziy Osiyoda qayta tiklanuvchi energiya, yadro va vodorod” mavzusidagi panel sessiya ham o‘tkazildi. Unda mintaqada energetika tizimini modernizatsiya qilish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, yadro energetikasi dasturlari hamda yashil vodorod salohiyati bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama qilindi.
🔎 Qo‘mita vakillarining ushbu sessiyalardagi ishtiroki energetika va sanoat sohalarida xavfsizlikni ta’minlash, radiatsiya va yadro xavfsizligi bo‘yicha xalqaro yondashuvlar bilan tanishish, shuningdek, ilg‘or tajribalarni o‘rganish nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etdi.
🌐 Ta’kidlash joizki, barqaror infratuzilma, zamonaviy energetika va sanoat loyihalarini rivojlantirishda xavfsizlik masalalari ustuvor o‘rin tutadi. Shu bois Qo‘mita tomonidan sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohalarida xalqaro standartlar, ilg‘or tajribalar hamda zamonaviy yondashuvlarni o‘rganish va amaliyotga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
✅ Forum doirasidagi mazkur panel sessiyalar davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, investorlar va ekspertlar o‘rtasidagi muloqotni yanada mustahkamlash, shuningdek, xavfsiz va barqaror rivojlanish tamoyillariga asoslangan investitsiya muhitini shakllantirishda muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.
🌐 Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi Axborot xizmati









