🌐 “Uzbekistan Energy Forum – 2026”: sanoat xavfsizligida innovatsion yechimlar va xavfga asoslangan tahlil istiqbollari muhokama qilindi
2026-05-14 16:00:00 / Yangiliklar

Mazkur forum doirasida neft-gaz sohasini raqamlashtirish, ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiya qilish, energetika infratuzilmasining ishonchliligini oshirish hamda sanoat xavfsizligini ta’minlash masalalari mahalliy va xalqaro ekspertlar ishtirokida muhokama qilindi.
Forumning 13-may kungi dasturidan o‘rin olgan maxsus texnik sessiyada Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi bo'lim boshlig'i Maxamat Saydazimov ishtirok etdi.
U o‘z ma’ruzasida xavfli ishlab chiqarish obyektlarida an’anaviy gidravlik sinovlarni xavf omillarini hisobga olgan holda, ya’ni Risk-Based Inspection (RBI) — xavfga asoslangan inspeksiya yondashuvi bilan almashtirish tajribasi, shuningdek, nostandart quvurlarni diagnostika qilishdagi dolzarb yechimlar bo‘yicha tahliliy ma’lumotlarni taqdim etdi.
📊 Soha oldidagi dolzarb chaqiriqlar
Sessiya davomida mamlakatimiz neft-gaz va neft-kimyo tarmoqlarida uskunalar hamda quvurlarning ma’naviy va jismoniy eskirishi sanoat xavfsizligiga ta’sir qiluvchi muhim xavf omillaridan biri bo‘lib qolayotgani ta’kidlandi.
O‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra:
— davlat nazoratidagi 16 ming kilometrdan ortiq magistral gaz quvurlarining 63 foizdan ortig‘i 30 yildan ziyod vaqtdan beri foydalanib kelinmoqda;
— gaz kompressor stansiyalaridagi agregatlarning 89 foizi, kimyo va neft-kimyo sanoatidagi uskunalarning esa 75 foizi o‘zining dastlabki hisoblangan ishlash muddatini o‘tab bo‘lgan;
— quvurlarning qariyb 46 foizi an’anaviy ichki diagnostika qurilmalarini o‘tkazish uchun konstruktiv jihatdan moslashtirilmagan.
💡 Sanoat xavfsizligida yangi davr: innovatsion va raqamli yechimlar
Katta xarajat talab qiluvchi, ishlab chiqarish jarayonini to‘xtatishga majbur qiladigan hamda uskunalarga qo‘shimcha zo‘riqish beradigan eski standartlardagi sinovlar o‘rniga, Qo‘mita tomonidan xalqaro amaliyotga tayangan holda zamonaviy yondashuvlarni joriy etish muhimligi ilgari surildi.
Xususan, quyidagi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi:
Xavfga asoslangan inspeksiya — Risk-Based Inspection (RBI)
Mazkur yondashuv kalendar jadvaliga asoslangan tekshiruvlardan bosqichma-bosqich voz kechib, uskunaning haqiqiy texnik holati, korroziya darajasi, nosozlik ehtimoli va xavf darajasini tahlil qilish asosida tekshiruvlarni tashkil etishni nazarda tutadi.
Bu esa nazorat jarayonini yanada aniq, maqsadli va samarali olib borishga xizmat qiladi.
Nostandart quvurlar diagnostikasi
Sessiyada an’anaviy diagnostika qurilmalarini o‘tkazish imkoniyati mavjud bo‘lmagan, ya’ni non-piggable quvurlarni tekshirish masalasi ham muhim yo‘nalish sifatida ko‘rib chiqildi.
Bunday texnologiyalar gaz tashish jarayonining uzluksizligini to‘xtatmasdan turib, yopiq yoki murakkab uchastkalardagi xavfli nuqsonlarni aniqlash imkonini beradi.
Zamonaviy NDT va raqamli monitoring
Shuningdek, putur yetkazmaydigan nazorat usullari — NDT, uskunalar va quvuro‘tkazgichlar yaxlitligini uzluksiz raqamli monitoring qilish tizimlarini keng joriy etish zarurligi qayd etildi.
Bunday tizimlar xavflarni erta aniqlash, texnik holatni real vaqt rejimida baholash va avariyaviy holatlarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
🤝 Xalqaro tajriba va ilg‘or texnologiyalar almashinuvi
Forum doirasida sohada global yetakchi hisoblangan xalqaro ekspertlar bilan ham fikr almashildi.
Xususan, quvurlar diagnostikasi bo‘yicha ixtisoslashgan “ROSEN Group” kompaniyasi vakillari bilan texnik holatni baholash, xavfga asoslangan tahlil va raqamli yechimlar bo‘yicha ilg‘or tajribalar muhokama qilindi.
🌐 Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi Axborot xizmati

