ATTRAKSIONLAR XAVFSIZLIGI QAT'IY NAZORATDA: VAZIRLAR MAHKAMASINING 886-SON QARORI MAZMUN-MOHIYATI
2026-04-27 10:00:00 / Yangiliklar

Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi mazkur qaror ijrosini ta’minlash doirasida respublikamiz hududidagi barcha attraksionlar faoliyatini tizimli va qat'iy nazoratga oladi.
Qaror bilan sohaga qanday yangiliklar kiritilmoqda?
Yangi qaror bilan attraksionlardan foydalanish sohasida bir qator muhim o‘zgarishlar va qat'iy talablar joriy etilmoqda:
Yagona davlat reyestri: Barcha attraksionlar endilikda yagona Davlat reyestriga kiritiladi va ularning elektron hisobi yuritiladi. Bu har bir attraksionning pasporti, ishlab chiqarilgan yili, texnik holati va so‘nggi marta qachon xavfsizlik tekshiruvidan o‘tganligi haqidagi ma'lumotlarning aniq va shaffof bo‘lishini ta'minlaydi.
Qat'iy texnik reglament: Attraksionlarni loyihalashtirish, ishlab chiqarish, o‘rnatish, sozlash, ishlatish va utilizatsiya qilish bo‘yicha yagona xavfsizlik standartlari (Texnik reglament) tasdiqlandi. Endilikda talabga javob bermaydigan, qo‘lbola usulda yasalgan yoki tegishli xavfsizlik sinovlaridan o‘tmagan qurilmalardan foydalanishga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi.
Majburiy texnik ko‘rik: Attraksionlar ilk bor foydalanishga topshirilishidan oldin hamda ishlash jarayonida (mavsum oldidan) belgilangan muddatlarda majburiy tartibda to‘liq texnik sinovdan o‘tkazilishi shart qilib belgilandi.
Tadbirkorlar va bog‘ ma'muriyatidan nimalar talab etiladi?
Ko‘ngilochar xizmatlar ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlari hamda istirohat bog‘lari rahbarlari faoliyatini qonunchilikka moslashtirishi zarur:
Joylardagi barcha attraksionlar belgilangan muddat ichida Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi hududiy boshqarmalari orqali xatlovdan o‘tkazilishi va hisobga olinib, Davlat reyestriga kiritilishi lozim.
Har bir attraksionni boshqaruvchi operatorlar va texnik xodimlar maxsus o‘quvdan o‘tgan bo‘lishi hamda favqulodda holatlarda (masalan, elektr toki uzilganda) fuqarolarni xavfsiz evakuatsiya qilishni bilishi talab etiladi.
Attraksionning texnik pasporti, ishlash yo‘riqnomasi va uning kunlik texnik jihatdan sozligini tasdiqlovchi dalolatnomalar doimiy ravishda yuritilishi shart.
Asosiy maqsad — inson hayoti va salomatligi
Mazkur qarorning qabul qilinishi ortida turgan bosh maqsad — farzandlarimiz va fuqarolarimiz hayotini ko‘ngilsiz baxtsiz hodisalardan asrashdir. Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi inspektorlari tomonidan joylarda attraksionlarning texnik holati, ularning davlat reyestridan o‘tganligi va xavfsizlik qoidalariga rioya etilishi yuzasidan o‘rganish va profilaktik tadbirlar kuchaytirilgan tartibda amalga oshiriladi.
Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi barcha tadbirkorlarni qonunchilik talablariga va texnik reglamentga qat’iy rioya qilishga chaqiradi! Faoliyatingizni xavfsiz va qonuniy tashkil etish orqali siz insonlar hayotini asrab qolasiz.
🌐 Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi Axborot xizmati
