PAXTAOBOD TUMANIDA YER QONUNCHILIGI TALABLARI BUZILGANI ANIQLANDI
2026-02-27 17:20:00 / Yangiliklar

Xususan, tumanning O.Qurbonov massivi hududida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlaridan maqsadsiz foydalanish bilan bog‘liq holatlar qayd etildi. Mazkur yer uchastkalarida amaldagi yer qonunchiligi talablariga zid ravishda foydalanilganligi aniqlangan.
Shuningdek, Paxtaobod tumani Pushmon MFY hududidagi 202-konturda dehqon xo‘jaliklari uchun ajratilgan jami 69,0 gektar qishloq xo‘jaligi yer maydonlarining bir qismida ham qonunbuzilish holati aniqlangan. Fuqaro Arziqulov Abduvali Vaxabovich tomonidan 0,06 gektar sug‘oriladigan yer maydonida tegishli ruxsat beruvchi hujjatlar rasmiylashtirilmasdan o‘zboshimchalik bilan uy-joy qurilgani ma’lum bo‘ldi. Natijada mazkur qurilish osti yer maydonlari qishloq xo‘jaligi muomalasidan chiqarilgan.
O‘tkazilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu noqonuniy harakatlar oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 21 million 514 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Aniqlangan holatlar hamda yetkazilgan zarar yuzasidan qonuniy baho berish va tegishli choralar ko‘rish uchun materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi.

