Turkiyada maqom va katta ashula milliy cholg‘ularini targ‘ib etuvchi to‘garak tashkil etiladi
2024-12-09 10:55:00 / Yangiliklar
Turkiya Respublikasida “O‘zbekiston madaniyati, birdamlik va hamkorlik” jamiyati yangi binosining ochilish marosimi hamda shu munosabat bilan o‘zbek madaniyati, tarixi va san’atini targ‘ib qilishga qaratilgan xalqaro forum o‘tkazildi.
Tadbirda buyuk millat elchisi, mamlakatimizning Istanbuldagi Bosh konsulligi, vatandoshlar, jumladan, katta tadbirkorlar va korxonalar rahbarlari qatnashib, nutq so‘zladi. O‘z navbatida, Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti rektori v.b Eldor Shermanov yig‘ilganlarga O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning tabrik nutqini o‘qib eshittirdi.
Ma’lumot uchun: “O‘zbekiston madaniyati, birdamlik va hamkorlik” jamiyati asosiy faoliyati Turkiyada yashayotgan vatandoshlar orasida o‘zbek qadriyatlari, madaniyati va san’atini targ‘ib qilishga qaratilgan. Shuningdek, ularga har tomonlama huquqiy va boshqa turdagi yordamlar ko‘rsatilishi e’tirofga sazovor.
Forum doirasida o‘zbek milliy musiqasi to‘garagi tashkil etilishi kelishib olindi. Jamiyatda O‘zMMSI tomonidan kelgusida qator madaniy tadbirlar, konsertlar o‘tkazishga ham kelishib olindi. Yaqin kunlarda jamiyatga 7 ta musiqa cholg‘ulari hadya etiladi.
Endi Turkiyada istiqomat qilib, san’at yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar jamiyatda amaliyot o‘tashi mumkin. Qolaversa, o‘zbek qardoshlari uchun konsertlar qo‘yish rejalashtirildi.
2025-yilda Istanbul shahridagi madaniyat markazida O‘zMMSIning alohida katta konsert dasturi tashkil etilishi rejalashtirildi.