Ustoz-shogird. Bardavom anʼanalar
2024-08-20 08:10:00 / Yangiliklar

Har qanday faoliyat sohasida kasbiy bilim va koʻnikmalar bir shaxsdan boshqasiga yetkazilishi orqali boyitiladi. Bunda muvaffaqiyat qozonish atigi oʻn foiz shogirdning qobiliyatiga, qolgani esa kasb sirlarini baham koʻrgan va tajribasi bilan oʻrtoqlashgan ustozning saʼy-harakatlariga bogʻliq. Ichki ishlar organlarida ham “ustoz-shogird” anʼanasi keng tus olgan boʻlib, yangi xodimlarning kasbiy-maʼnaviy shakllanishida muhim ahamiyat kasb etib bormoqda.
Mirjalol Madaminov IIV Akademiyasini tamomlagach, Andijon shahar IIOFMB Ekspert-kriminalistika boʻlimida ekspert-kriminalist lavozimida xizmat qila boshladi. Tajribali ustozlar — boʻlim boshligʻi, podpolkovnik Tohirjon Ahmadjonov, katta ekspert-kriminalist, mayor Baxtiyorjon Kattayev rahbarligida oʻz ishining ustasiga aylandi.
Hozirgi kunda viloyat IIB EKM katta ekspert-kriminalisti, kapitan M. Madaminov daktiloskopik, trasologik, ballistik, husnixat ekspertizalari hujjatlarning texnik ekspertizasi va sovuq qurollar ekspertizasini oʻtkazish huquqiga ega.
- Ekspert-kriminalist faoliyati muayyan xususiyatlarga ega boʻlishni talab qiladi, — deydi kapitan M.Madaminov. — Kriminalist, albatta, qiziquvchan, izlanuvchan, yuksak intellektli, bilimli va shu bilan birga, oʻziga ishongan boʻlishi kerak. U yaxshi xotiraga ega boʻlishi, tahlil qilishni bilishi va tekshirilayotgan obyektga uzoq vaqt diqqatini jamlay olishi lozim.
Biroq aksariyat hollarda, faqat dastlabki tahlillar hodisa joyida amalga oshiriladi, dalillarni toʻliq va sinchiklab tekshirish ishlari esa laboratoriyada olib boriladi.
Kriminalistika fani doimiy ravishda rivojlanib, tergov olib borishga yordam beradigan eng yangi usullar va texnologiyalar bilan boyitilmoqda. Ushbu usullardan biri DNK tekshiruvi boʻlib, u qoldirilgan organik izlar, masalan, soch, ter yoki soʻlak yordamida insonning shaxsini aniqlash imkonini beradi.
Bugungi kunda kapitan Mirjalol Madaminov oʻz tajribasi va bilimlarini yosh xodimlar bilan oʻrtoqlashishda davom etmoqda.
Boris KLEYMAN, oʻz muxbirimiz.
Andijon viloyati.
