Tezkor tadbirda katta miqdordagi kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini qadoqlab sotish bilan shugʻullanib kelayotgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qoʻyildi
2024-08-08 09:35:00 / Yangiliklar
IIV Tezkor-qidiruv departamenti va DXX xodimlari tomonidan “1994 hamda 1997-yilda tugʻilgan ikki nafar shaxs yirik miqdorda kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini qadoqlab, soʻng Toshkent shahrida «zakladka” usulida tarqatish bilan shugʻullanayotganligi toʻgʻrisida tezkor maʼlumot olindi.
Maʼlumot asosida ushbu ikki nafar shaxslar Mirzo Ulugʻbek tumani hududida toʻxtatilib tekshirilganda, ularning yonida 300 dona Pregabalin va 8 dona Tropikamid kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi.
Tadbir davom ettirilib, qoʻlga olingan shaxslardan birining yashash manzilidan tarqatish uchun tayyorlab qoʻyilgan va qadoqlash uchun saqlab kelinayotgan dori vositalari, flakonlar, boʻsh kapsulalar, elektron tarozilar hamda dori vositalarini qadoqlash maqsadida turli aralashtirish moslamalari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi.
Shuningdek qoʻlga olingan shaxsga tegishli “Spark” rusumli, avtomashina yukxonasida:
- 12 dona kir yuvish kukuni qadogʻiga yashirilgan 36 kilogramm va yelim idishda 1,5 kilogramm Pregabalin;
- 2 700 dona qadoqlangan Pregabalin dori vositalari va boʻsh kapsulalari borligi aniqlandi.
Oʻtkazilgan hamkorlikdagi tezkor tadbir davomida chakana narxi 35 mlrd 692 mln soʻmlik jami 42 kg 806 gramm kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari olindi. Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib tergov harakatlari olib borilmoqda.
IIV Tezkor-qidiruv departamenti