Ichki ishlar organlarida professional hamda boshqaruv kadrlarini tayyorlashga qaratilgan yigʻilish tafsilotlari
2024-08-06 20:30:00 / Majlislar

Joriy yilning 6-avgust kuni Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov boshchiligida ichki ishlar organlarida professional hamda boshqaruv kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish vazifalariga qaratilgan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Shuningdek, tadbir jarayonida yurtimizga kirib kelayotgan bayram hamda rejalashtirilayotgan muhim siyosiy tadbir jarayonida kriminogen vaziyatning barqarorligini taʼminlash va jamoat tartibini saqlash masalalari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan ichki ishlar organlari uchun kadrlar tayyorlash tizimi zamon talablariga mos ravishda shakllanib, tizimning asosiy sohaviy xizmatlari hisoblangan huquqbuzarliklar profilaktikasi, tezkor qidiruv, ekspert kriminalistika, jazoni ijro etish, probatsiya, tashkiliy shtab faoliyati boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash uchun imkoniyat yaratildi.
Imkoniyatlardan samarali foydalanish maqsadida 2021-yil 15-apreldagi PQ-5076-sonli qaror bilan ichki ishlar organlari uchun rahbar kadrlarni tayyorlash boʻyicha ilk bor ikki bosqichli magistratura («Tashkiliy-strategik boshqaruv» va «Tashkiliy-taktik boshqaruv») joriy etildi.
Bunda, kelajak rahbarlarni intellektual bilimli va yetuk professional kadrlar sifatida tayyorlash maqsadida yangicha taʼlim metodlari amaliyotga tatbiq etilmoqda.
Xususan, oʻquv mashgʻulotlari modullar asosida nazariy bilimlarni amaliyot bilan bogʻlangan holda tashkil etilgan, tinglovchilar bilan Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi deputatlari, Vazirlik sohaviy xizmat rahbarlari tomonidan sayyor oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazilmoqda.
Sohada ilgʻor davlatlarning ijobiy tajribalarini oʻrganish maqsadida Qozogʻiston, Koreya, Rossiya, Turkiya va Xitoy davlatlariga xizmat safarlari uyushtirilmoqda.
Eng muhimi, tinglovchilar olgan bilimlarini bevosita mahallalarga borgan holda amaliyotda sinab koʻrishlari uchun ham barcha sharoitlar mavjud.
Bundan asosiy maqsad – ichki ishlar organlari uchun har tomonlama yetuk, intellektual va professional rahbarlarni tayyorlashdir.
Magistratura tashkil etilganidan buyon uni tamomlagan 243 nafar tinglovchilarning aksariyati bugungi kunda rahbarlik lavozimlarida munosib xizmat qilmoqda.
Imtihon va sinovlar jarayonida xizmat faoliyatiga nomunosib topilgan 18 nafar xodimlar ishdan boʻshatilgan.
Bu yil ham anʼanaga koʻra magistraturani 73 nafar tinglovchilar bitirdilar. Oʻqish jarayonida 2 nafar tinglovchi oʻquv mashgʻulotlarini yaxshi oʻzlashtirmaganligi uchun – oʻqishdan chetlatilgan.
Oʻz navbatida, magistraturadagi oʻqish vaqtida ijobiy natijalariga erishgan 2 nafar tinglovchi muddatidan avval rahbarlik lavozimlariga tayinlagan.
Yigʻilishda tashkiliy masalalar ham koʻrib chiqildi.
Ichki ishlar vazirining tegishli buyrugʻi bilan vazirlikning sohaviy xizmatlari, hududiy hamda tuman-shahar ichki ishlar organlari boʻlinmalari boshliqlari va ularning oʻrinbosarlari lavozimlariga rahbarlar tayinlandilar.
Shuningdek, tadbir jarayonida yurtimizga kirib kelayotgan bayram hamda rejalashtirilayotgan muhim siyosiy tadbir jarayonida kriminogen vaziyatning barqarorligini taʼminlash va jamoat tartibini saqlash masalalari muhokama qilindi.
Yigʻilishda, kun tartibiga binoan koʻrib chiqilgan masalalar hamda aniqlangan kamchiliklar tanqidiy muhokama qilinib, kelgusida xizmat faoliyatini takomillashtirishga oid maqsadli chora-tadbirlar belgilab olindi.