Buxoro viloyati IIB boshligʻi podpolkovnik Ikromjon Tursunov boshqarma tasarrufidagi «Yulduzcha» maktabgacha taʼlim tashkilotida bolajonlarning taʼlim-tarbiya olishi uchun yaratilgan sharoitlarni oʻrgandi
2024-06-05 10:00:00 / Yangiliklar
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi podpolkovnik Ikromjon Tursunov Ichki ishlar boshqarmasi tasarrufidagi «Yulduzcha» maktabgacha taʼlim tashkilotida boʻldi.
Mazkur Maktabgacha taʼlim tashkilotida bolajonlarning taʼlim-tarbiya olishi, murabbiy ustozlar, tarbiyachilarga yaratilgan sharoitlarni birma-bir oʻrganib, muassasa faoliyatini yaxshilashga doir oʻzining qator tavsiyalarini berdi.
Shuningdek, boshqarma boshligʻi taʼlim dargohidagi bolajonlar bilan suhbatlashib, ularning qiziqishlarini oʻrgandi.
Oʻrganishlar jarayonida muassasa atrofini koʻkalamzorlashtirish, manzarali daraxtlar hamda gul koʻchatlarini koʻproq oʻtqazish, shuningdek, kutubxonadagi mavjud kitoblar koʻlamini oshirish, sport maydonchasini zamonaviy uslubda taʼmirlash borasida masʼullarga topshiriqlar berdi.
Bolajonlarga taqdim etilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati, yaratilgan zaxira hamda kunlik taomnomani ham koʻzdan kechirib, bugungi kunda ovqatdan zaharlanish va shunga oʻxshash turli yuqumli kasalliklarni oldini olish yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar borasida masʼullarning axborotlarini eshitdi.
Boshqarma boshligʻi kelajagimiz egalari hisoblanmish ushbu bolajonlarga zaruriy barcha shart sharoitlarni hozirlash kerakligini alohida taʼkidlab, ularning bilimli, yuksak salohiyatli farzandlar boʻlib yetishishlari uchun, zamonaviy pedagogik usullardan foydalanish, chet tillarini oʻrgatuvchi toʻgaraklarni koʻpaytirish borasida koʻrsatmalar berdi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati