O‘zbekiston Milliy universitetida sport sharoitlari o‘rganildi
2025-03-13 17:00:00 / Vazirlik yangiliklari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departamenti rahbari Odil Abduraxmanov hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shohrux Daliyev, vazir maslahatchisi Aziz Rizayev mutasaddilarga hamrohlik qildi.
O'rganish davomida ta’lim muassasasida sport infratuzilmasi, talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar va ularning jismoniy rivojlanishiga qaratilgan shart-sharoitlar o‘rganildi. Xususan, sport zallari, ochiq maydonlar, turli sport to‘garaklari va seksiyalar faoliyati tahlil qilindi. Maxsus sport jihozlari, ularning holati va zamonaviy standartlarga mosligi ham ko‘zdan kechirildi.
Shuningdek, mas’ullar talabalarning sport bilan shug‘ullanishini rag‘batlantirish, ularga qulayliklar yaratish hamda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha fikr almashdilar. Ular murabbiylar va yosh sportchilar bilan muloqot qilib, ularning taklif va muammolarini tingladilar.
Uchrashuv davomida sportning ommaviyligini oshirish, uni universitetdagi ta’lim jarayoni bilan integratsiya qilish, talabalarni xalqaro musobaqalarga tayyorlash kabi masalalarga ham alohida e’tibor qaratildi. Shundan kelib chiqib, mas’ullarga sport infratuzilmasini yanada takomillashtirish va yoshlarning sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan qiziqishini oshirish bo‘yicha bir qator vazifalar yuklatildi.
Tashrif so‘ngida mutasaddilar O‘zMUda sportni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berib, bu boradagi faoliyatni yanada kengaytirish muhimligini ta’kidladilar.







