audio

    16+
    Toʻxtasinov Ilhomjon Madaminovich Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining rektori etib tayinlandi va shu munosabat bilan Samarqand davlat chet tillari institutining rektori lavozimidan ozod etildi.

    I.M.Toʻxtasinov 1980-y.da tugʻilgan, pedagogika fanlari doktori, professor.

    I.Toʻxtasinovning jami ilmiy-uslubiy ishlari 138 tani tashkil etib, uning muallifligida 10 ta darslik, 6 ta monografiya, 84 ta oʻquv va uslubiy qoʻllanma nashr etilgan. 19 ta patent va guvohnomalar olingan. Xalqaro ilmiy texnik bazalardagi jurnallarda uning 9 ta maqolasi nashr etilgan boʻlib, “Xirsh indeksi” 19 ni tashkil etadi. Shuningdek, u tomonidan 18 ta oʻzbek tilidagi mashhur asar va romanlar ingliz tiliga tarjima qilinib, nashr etilgan. 

    I.Toʻxtasinov rahbarligida soʻnggi 2 yilda 7 nafar professor, 9 nafar fan doktori (DSc), 25 nafar dotsent va 48 nafar falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olgan. Shu bilan birga, uning ilmiy rahbarligida 12 nafar falsafa fanlari doktori (PhD) va 2 nafar fan doktori (DSc) ilmiy darajalarini muvaffaqiyatli himoya qilgan.

    Toʻxtasinov Ilhomjon Madaminovich rahbarligida Samarqand davlat chet tillar instituti respublikaning 28 ta OTMi qatorida “World University Rankings – 2023” xalqaro reytingida “reportyer” maqomiga ega boʻldi.

    I.To‘xtasinovning tashabbusi bilan xalqaro aloqalar boʻyicha 89 ta yetakchi xorijiy oliy oʻquv yurti bilan hamkorlik shartnomalari imzolandi, soʻnggi 2 yilda 74 nafar xorijiy mutaxassis institutga jalb qilindi.

    • view_icon 87