“Milliy kitobxonlik harakati”: yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishning yangi bosqichi
2026-10-17 12:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Yoshlar orasida kitobxonlik dasturini keng joriy etish va ularning qiziqishlarini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida
O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi, Ta’lim va ilm-fan vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tomonidan tasdiqlangan qo‘shma qaror bilan mazkur dasturni amalga oshirishning tashkiliy va huquqiy asoslari, mas’ul tashkilotlarning vazifalari, tanlovni o‘tkazish bosqichlari, ishtirokchilarni baholash hamda g‘oliblarni taqdirlash tartibi belgilandi.
Dasturning asosiy maqsadi — kitobxonlikni keng ommalashtirish, o‘quvchilarning mutolaaga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish va ularning kitob o‘qish orqali bilim hamda intellektual salohiyatini rivojlantirishdan iborat.
“Milliy kitobxonlik harakati” dasturi umumta’lim maktablarining 1–11-sinf o‘quvchilarini qamrab oladi. Tanlov ishtirokchilari yoshi va sinfiga qarab uchta guruhga ajratiladi:
1–5-sinf o‘quvchilari;
6–8-sinf o‘quvchilari;
9–11-sinf o‘quvchilari.
Har bir yosh toifasi uchun alohida adabiyotlar ro‘yxati shakllantirilgan. Unda o‘zbek va jahon adabiyotining bolalar hamda o‘smirlar uchun mo‘ljallangan asarlari, badiiy kitoblar, tarixiy va ma’naviy-ma’rifiy mazmundagi asarlar o‘rin olgan.
Tanlov uchun tavsiya etilgan adabiyotlar ro‘yxati qo‘shma qarorga ilova qilingan bo‘lib, ishtirokchilarning mutolaa jarayoni aynan shu ro‘yxat asosida tashkil etiladi.
Qarorga muvofiq, dastur doirasidagi tanlov elektron platforma orqali tashkil etiladi. Unda ishtirokchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish, ularning kitobxonlik saviyasini baholash, tanlov bosqichlarini o‘tkazish va natijalarini shakllantirish nazarda tutilgan.
Tanlov jarayoni bir necha bosqichdan iborat bo‘lib, ishtirokchilarning bilim va ko‘nikmalari bosqichma-bosqich aniqlanadi.
Dastlabki saralash jarayonlarida o‘quvchilarning tavsiya etilgan adabiyotlarni o‘qigani, asarlar mazmunini tushunishi va ular yuzasidan savollarga javob bera olishi baholanadi. Keyingi bosqichlarda esa ishtirokchilarning mutolaa natijalarini mustaqil tahlil qilish, fikrini asoslash, og‘zaki nutq va ijodiy qobiliyatlarini namoyon etishiga e’tibor qaratiladi.
Tanlovda ishtirokchilarning natijalari belgilangan mezonlar asosida baholanadi. Shuningdek, baholash jarayonini tashkil etish va natijalarni ko‘rib chiqish uchun tegishli komissiyalar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Dasturda kitob o‘qish bilan bir qatorda o‘quvchilarning asarlar mazmunini anglash, tahlil qilish, mustaqil fikrlash va o‘z qarashlarini erkin ifodalash ko‘nikmalarini baholashga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Qarorda tanlovning tegishli bosqichlarida test sinovlari, ijodiy ishlar va og‘zaki suhbatlar o‘tkazish tartibi nazarda tutilgan.
Jumladan, test sinovlari ishtirokchilarning tavsiya etilgan adabiyotlar bo‘yicha bilimlarini aniqlashga xizmat qiladi. Ijodiy ishlar orqali o‘quvchilarning asar mazmunini tushunishi, mustaqil fikri, ijodiy mahorati va til qoidalariga amal qilishi baholanadi. Og‘zaki suhbatlarda esa ularning kitoblar haqidagi fikrlari, asarlarni tahlil qilish qobiliyati va nutq madaniyatiga e’tibor qaratiladi.
Shu tariqa, tanlovda faqat o‘qilgan kitoblar soni emas, balki ularning mazmunini qay darajada anglash va o‘zlashtirish, asarlar yuzasidan mustaqil xulosa va fikr bildirish ko‘nikmalari ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Qo‘shma qarorda tanlov g‘oliblarini aniqlash va taqdirlash mexanizmlari ham belgilab berilgan.
1–5-sinf o‘quvchilari tuman bosqichiga qadar saralanadi. Ushbu toifadagi g‘oliblarni qimmatbaho sovg'alarva diplom bilan taqdirlash nazarda tutilgan.
6–8-sinf hamda 9–11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida tanlovning tuman va viloyat bosqichlari o‘tkaziladi. Respublika bosqichida esa har bir yosh toifasi bo‘yicha birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rin sohiblari aniqlanadi.
Respublika bosqichi g‘oliblari uchun pul mukofotlari va diplomlar belgilangan. Har bir yosh toifasi bo‘yicha birinchi o‘rin sohibiga 50 ming AQSH dollari, ikkinchi o‘rin sohibiga 30 ming AQSH dollari, uchinchi o‘rin sohibiga esa 15 ming AQSH dollari miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti va diplom topshirilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, qo‘shimcha nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblarni taqdirlash nazarda tutilgan. Jumladan, “Eng faol o‘qituvchi”, “Eng kitobxon maktab”, “Eng kitobxon oila”, “Maqsadga intiluvchanlik namunasi” va “Maxsus e’tirof” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblarga 10 ming AQSH dollari miqdorida bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti va diplom berish belgilangan.
Tanlov natijalari bo‘yicha berilgan e’tirozlarni ko‘rib chiqish uchun apellyatsiya komissiyasi faoliyati ham nazarda tutilgan. Belgilangan tartibga ko‘ra, ishtirokchilar tanlov natijalari e’lon qilinganidan keyin 15 kun ichida apellyatsiya komissiyasiga murojaat qilishi mumkin. Komissiya shikoyatlarni belgilangan tartibda ko‘rib chiqadi.
“Milliy kitobxonlik harakati” dasturi kitob mutolaasini yoshlar hayotining ajralmas qismiga aylantirish, badiiy adabiyotga qiziqishni kuchaytirish va kitobxonlik madaniyatini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan.
.
