Zamonaviy ilmiy-tadqiqot va 5D interaktiv laboratoriyalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi
2026-10-16 21:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Zamonaviy ilmiy-tadqiqot va 5D interaktiv laboratoriyalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi
Toshkent davlat texnika universitetining “Elektr ta’minoti” kafedrasida davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida zamonaviy laboratoriyalarning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda universitet rektori, akademik S.M. Turobjonov, Innovatsion rivojlanish agentligi vakillari, prorektorlar, fakultet dekanlari hamda professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi.
Marosim davomida “Elektr energiyasi iste’molini intellektual boshqarish” ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi hamda “Elektr ta’minoti asoslari” fani bo‘yicha 5D interaktiv o‘quv-simulyatsiya laboratoriyasi taqdim etildi.
Mazkur laboratoriyalar ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirish, fundamental tadqiqotlar natijalarini amaliyotga joriy etish, yosh olimlar va doktorantlarning ilmiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash hamda yuqori malakali muhandis kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.
Ta’kidlash joizki, “Elektr ta’minoti asoslari” fani bo‘yicha 5D interaktiv o‘quv-simulyatsiya laboratoriyasi Markaziy Osiyo va MDH mamlakatlarida elektr ta’minoti sohasi bo‘yicha ta’lim jarayonida foydalanish uchun tashkil etilgan yagona 5D interaktiv o‘quv-simulyatsiya laboratoriyasi hisoblanadi.









