Toshkent davlat tibbiyot universitetining birinchi bosqich talabalari uchun «Talabalikka bag‘ishlov – 2026» marosimi o‘tkazildi
2026-09-28 22:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Otabek Imamov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining maslahatchisi Aziz Meliboyev, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash xodimlari Kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi Farhodjon Xapijayev, universitet professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda universitetning birinchi bosqichiga qabul qilingan 5 ming nafardan ziyod yoshlar talabalik qasamyodini qabul qildi. Mazkur marosim talabalarni tanlagan kasbiga sadoqatli bo‘lish, puxta bilim va amaliy ko‘nikmalarni egallash hamda kelgusida inson salomatligini asrashdek sharafli vazifani munosib ado etishga undaydi.
Shuningdek, «1-oktabr — Ustoz va murabbiylar kuni» munosabati bilan universitetda uzoq yillar samarali mehnat qilgan 150 nafar faxriy professor-o‘qituvchi alohida e’tirof etilib, ularga pul mukofoti topshirildi.
Bundan tashqari, universitetning 17 nafar xodimi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining tegishli buyrug‘iga asosan «Oliy ta’lim a’lochisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.









