Oʻzbekiston va Qirgʻiziston taʼlim vakillari Xitoyda sunʼiy intellekt va raqamli taʼlim boʻyicha malaka oshirmoqda
2026-09-14 11:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Dasturda ikki davlat taʼlim boshqaruvi organlari va oliy taʼlim muassasalaridan jami 27 nafar ishtirokchi qatnashmoqda. Tashabbus Xitoyning Shimoli-gʻarbiy pedagogika universiteti tomonidan tashkil etilgan boʻlib, uning asosiy maqsadi — taʼlimda sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalardan foydalanish boʻyicha tajriba almashish, taʼlim sohasidagi rahbarlik salohiyatini oshirish hamda raqamli taʼlim industriyasi bilan hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.
13-sentyabr kuni Shimoli-gʻarbiy pedagogika universitetida dasturning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Xitoy Taʼlim vazirligi, Gansu provinsiyasi Taʼlim boshqarmasi va tashqi ishlar idorasi vakillari, shuningdek, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston taʼlim sohasi mutasaddilari ishtirok etdi.
Dastur doirasida sunʼiy intellektning taʼlimga taʼsiri, Xitoyning taʼlimni raqamlashtirish strategiyasi, oliy va umumiy taʼlimda sunʼiy intellektdan foydalanish, pedagoglarning kasbiy rivojlanishi, taʼlim jarayonidagi oʻzgarishlar, taʼlimda katta maʼlumotlarni tahlil qilish hamda «aqlli kampus»larni rejalashtirish va joriy etish kabi mavzular oʻrganiladi.
Taʼlimda sunʼiy intellektdan foydalanish bilan bir qatorda, ishtirokchilar raqamli transformatsiyaning muhim shartlari — pedagoglarni tayyorlash, maʼlumotlar sifati, axborot xavfsizligi va sunʼiy intellektdan foydalanishdagi etik masalalarga ham eʼtibor qaratmoqda. Oʻzbekiston vakili taʼlim jarayoni markazida hamisha inson turishi kerakligini taʼkidladi.
9 kunga moʻljallangan malaka oshirish dasturi davomida ishtirokchilar Xitoyning qator taʼlim muassasalari, raqamli taʼlim va texnologiya obyektlari bilan tanishadi, ekspertlar bilan muloqot qiladi hamda Markaziy Osiyoda raqamli taʼlimni rivojlantirish istiqbollari boʻyicha fikr almashadi.
Mazkur tashrif Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida taʼlim sohasidagi hamkorlikni, xususan, raqamli taʼlim, kadrlar tayyorlash, ilmiy almashinuv va taʼlim texnologiyalarini rivojlantirish boʻyicha amaliy muloqotni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Shimoli-gʻarbiy pedagogika universiteti 2016-yilda Markaziy Osiyoni oʻrganish institutini tashkil etgan. Universitet bugunga qadar Markaziy Osiyo davlatlaridan 600 nafardan ziyod xorijiy talabani qabul qilib, taʼlim bergan hamda Xitoy–Markaziy Osiyo gumanitar aloqalari va hamkorligi xalqaro forumini toʻqqiz marta oʻtkazgan.






