Bauman universitetining Toshkent shahridagi filiali Vasiylik kengashining ikkinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi
2026-09-07 19:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri, Vasiylik kengashi raisi Qoʻngʻirotboy Sharipov, Bauman universiteti rektori Mixail Gordin, Vasiylik kengashi aʼzolari hamda taʼlim, ilm-fan va sanoat sohasi vakillari ishtirok etdi.
Yigʻilishda filialni tashkil etish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar, uning toʻlaqonli faoliyati va kelgusidagi strategik rivojlanish vazifalari muhokama qilindi. Qisqa vaqt ichida filialning tashkiliy tuzilmasi shakllantirilib, zarur oʻquv bazasi yaratildi va taʼlim jarayoni yoʻlga qoʻyildi.
Muloqotda taʼlim sifatini Bauman universitetining yuqori akademik standartlari asosida taʼminlash, taʼlimni sanoat ehtiyojlari bilan bogʻlash, qoʻshma ilmiy-tadqiqot va muhandislik loyihalarini rivojlantirish hamda mahalliy kadrlar salohiyatini oshirish ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.
Shuningdek, Yangi Toshkentda barpo etiladigan kampusni zamonaviy taʼlim, ilm-fan va muhandislik ekotizimi sifatida tashkil etish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Kelgusida filialni Markaziy Osiyoning muhandislik taʼlimi va amaliy ilm-fan sohasidagi yetakchi markazlaridan biriga aylantirish maqsad qilingan.









