Vazir Qoʻngʻirot tumani 1-son texnikumi faoliyati bilan tanishdi
2026-09-05 13:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Qoʻngʻirot tumani 1-son texnikumi tumanda tashkil etilgan ilk taʼlim muassasalaridan biri hisoblanadi. Tumanning sanoat zonasi sifatidagi oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, texnikum sanoat korxonalarining malakali kadrlarga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash, ular uchun zarur mutaxassislarni tayyorlash maqsadida tashkil etilgan.
Bugungi kunda texnikumda 600 nafardan ortiq oʻquvchi tahsil olmoqda. Taʼlim jarayonida zamonaviy yondashuvlar, xususan, dual taʼlim tizimi asosida oʻqitishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu esa oʻquvchilarning nazariy bilimlarini amaliy koʻnikmalar bilan uygʻunlashtirish, ularni bevosita ishlab chiqarish jarayonlariga jalb etish imkonini bermoqda.
Hudud mehnat bozori hamda sanoat korxonalarining ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda muassasada santexnik, elektrik, tokar, neft-gaz sohasi mutaxassislari, traktorchi-haydovchi, axborot texnologiyalari (IT) sohasi va boshqa qator zamonaviy kasblar boʻyicha malakali kadrlar tayyorlanmoqda.
Tashrif davomida vazir texnikumdagi oʻquv va amaliy mashgʻulotlar jarayoni, moddiy-texnik baza hamda talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. Shuningdek, kasbiy taʼlim mazmunini mehnat bozori talablariga yanada yaqinlashtirish, ish beruvchilar bilan hamkorlikni kuchaytirish va dual taʼlim imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Tashrif yakunida vazir tomonidan texnikum axborot-resurs markazi fondi uchun kitoblar sovgʻa qilindi. Ushbu kitoblar yoshlarning bilim olishi, dunyoqarashini kengaytirishi va mustaqil izlanishlarini qoʻllab-quvvatlashga xizmat qilishi taʼkidlandi.






