Vazir Qoraqalpoq davlat universitetida yangi obyektlar qurilishi bilan tanishdi
2026-07-25 17:00:00 / Vazirlik yangiliklari
Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat safarida boʻlib turgan vazir Qoʻngʻirotboy Sharipov mahalliy olimlarimiz va “Yuma Green” korxonasi tomonidan yaratilgan “BioVak Y24” biologik preparati bir soʻz bilan aytganda, oʻsimlikning “immun tizimi”ni qayta tiklovchi kompleks preparatini tajriba maydonlari bilan tanishdi.

Prezident topshirigʻiga muvofiq hozirda degradatsiyaga uchragan yerlarda shu jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ellikqalʼa tumani “Borli” hududida degradatsiyaga uchragan 3 gektarda “BioVak Y24” biologik preparatini qoʻllash orqali tajriba asosida 5 foizlik shoʻrlangan suv bilan gʻoʻza yetishtirilmoqda.
Bu esa oʻz navbatida shoʻrlangan yerlarda shoʻrlangan suv bilan ekin yetishtirish va hosildorlikni oshirishda yangi agrotexnologiyalarni yetkazishga asos boʻladi.
Maʼlumot uchun: Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan moliyalashtirilgan mazkur loyiha Toshkent viloyati Parkent tumanida ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan.
Bu loyihaning umumiy qiymati 4,9 mlrd soʻmni tashkil etadi, shundan 1,07 mlrd soʻmi davlat ilmiy dasturlari doirasida ajratilgan. Korxona yiliga 2000 tonnadan 3000 tonnagacha dorivor oʻsimliklar xomashyosini chuqur qayta ishlash imkoniyatiga ega.
Yana bir ahamiyatli jihati, dorivor oʻsimliklar ekstraktlari asosida biologik faol moddalar olishning zamonaviy ilmiy laboratoriya bazasi yaratilib, 15 ta yangi ish oʻrni tashkil etildi.
Soʻnggi yillarda “BioVak Y24” preparati qoʻllanilganda asosiy ekin turlari boʻyicha yuqori natijalar qayd etildi.
Xususan, mazkur preparat oʻsimlik ildiz tizimini 2-3 barobar ortiqcha rivojlantiradi;
qurgʻoqchilikka qarshi yaxshigina qalqon sifatida ildizlarni 1–1,5 metr chuqurlikkacha yetib borishini taʼminlab, yer ostidagi tabiiy namlik va ozuqa qatlamini oʻzlashtirishga yordam beradi;
ekstremal issiqqa chidamli boʻlib, yozning eng issiq paytida ham oʻsimlikning changlanish xususiyatini saqlab qoladi, stress va oʻsimlik gul tashlashining oldini oladi.
vegetatsiya davrida hosilning yetilish muddatini 20-25 kunga qisqartiradi, bu esa yetishtiruvchilar uchun vaqt va resurs tejash demakdir.
Shu bilan birga, “BioVak Y24” preparati qoʻllanilganda iqtisodiy natijalarni ham qayd etildi.
Paxta ekuvchi xoʻjaliklarda anʼanaviy hosilga qoʻshimcha 15 s/ga hosil olinib, har gektardan 12 mln soʻm qoʻshimcha daromad va 11,2 mln soʻm sof foyda olishga erishildi.
Bugʻdoy yetishtirishda esa hosildorlik anʼanaviy 60 s/ga dan 80 s/ga dan yuqori koʻrsatkichga koʻtarildi, bu esa har gektardan 6 mln soʻm qoʻshimcha daromad va 5,4 mln soʻm sof foydani koʻrsatadi.
Preparat 2024-2025-yil mavsumlarida respublikamizning barcha hududlaridagi fermer xoʻjaliklarida muvaffaqiyatli sinovdan oʻtdi, masalan, Qoraqalpogʻistonning Beruniy tumanida ushbu biopreparat qoʻllanilib, gektaridan 60-68 sentnerdan hosil olindi.
Shuningdek, doʻldan talofat koʻrgan dalalarda preparat qoʻllanilishi natijasida 43 s/ga hosil olishga erishildi.
Qayd etish kerakki, preparatning soʻnggi yillarda pomidor va boshqa poliz ekinlarida uchrayotgan virus va zamburugʻli kasalliklarning koʻpayishini oldini olishda muhim ahamiyatga ega. “BioVak Y24” bilan ishlov berilgan maydonlarda kasallik qoʻzgʻatuvchilar bartaraf etilib, oʻsimlik immuniteti mustahkamlanadi.
Natijada, hatto kasallangan oʻsimliklar ham davolanib, sogʻlom, sifatli va vitaminlarga boy hosil beradi. Ilmiy kuzatuvlar shuni koʻrsatdiki, mazkur biopreparat oʻsimlikning endogen gormonal balansini optimallashtirib, stress omillariga qarshi adaptiv qobiliyatini keskin oshiradi.
Birinchidan, ildiz tizimining 1-1,5 metrgacha chuqurlashishi agrofizika nuqtayi nazaridan oʻsimlikning avtonom suv taʼminotiga oʻtishini anglatadi. Bu esa sugʻorish resurslari cheklangan sharoitda hosilni saqlab qolishning yaxshi ilmiy usuli. Ikkinchidan, preparatning fungitsid va bakteritsid xususiyatlari kimyoviy vositalarga nisbatan selektiv afzallikka ega. U tuproqdagi foydali mikroflorani nobud qilmagan holda, faqat patogenlarga qarshi biotik toʻsiq yaratadi.
Koʻrinib turibdiki, zamonaviy agrosanoat majmuasi ilm-fansiz rivojlana olmaydi. Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi bugungi kunda ekstensiv rivojlanishdan intensiv, ilm-fanga asoslangan taraqqiyot yoʻliga oʻtdi. Suv tanqisligi sharoitida esa suvning har qatrasini tejash shu harakatlarga qoʻshilgan munosib hissa boʻladi.






