Vazir «BioVak Y24» biopreparati qoʻllanilgan paxta maydonlarini koʻzdan kechirdi
2026-07-25 18:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Tashrif davomida vazir biopreparatning oʻsimlik rivojiga taʼsiri, ildiz tizimining shakllanishi, qurgʻoqchilik va yuqori haroratga chidamlilikni oshirish hamda hosildorlikka taʼsiri boʻyicha amaliy natijalar bilan tanishdi.
Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan moliyalashtirilgan mazkur loyiha Toshkent viloyatining Parkent tumanida amalga oshirilgan boʻlib, umumiy qiymati 4,9 mlrd soʻmni tashkil etadi. Shundan 1,07 mlrd soʻmi davlat ilmiy dasturlari doirasida ajratilgan. Loyiha doirasida dorivor oʻsimliklar xomashyosini chuqur qayta ishlash quvvati yoʻlga qoʻyildi, zamonaviy ilmiy laboratoriya tashkil etildi hamda yangi ish oʻrinlari yaratildi.
Oʻtgan yilgi amaliy sinovlar natijalariga koʻra, «BioVak Y24» biopreparati qoʻllanilgan maydonlarda paxta hosildorligi anʼanaviy 40 sentnerdan 55 sentnergacha, bugʻdoy hosildorligi esa 60 sentnerdan 80 sentnerdan yuqori koʻrsatkichga yetgan. Shuningdek, biopreparat qoʻllanilishi natijasida oʻsimlikning tabiiy immuniteti mustahkamlanib, ildiz tizimi kuchli rivojlangan, qurgʻoqchilik va yuqori haroratga bardoshliligi oshgan hamda virusli va zamburugʻli kasalliklarga qarshi samarali himoya taʼminlangan.
Tashrif davomida mahalliy olimlar tomonidan yaratilgan innovatsion ishlanmalarni qishloq xoʻjaligiga keng joriy etish, ilmiy natijalarni tijoratlashtirish va suv tanqisligi sharoitida resurs tejovchi texnologiyalarni ommalashtirish masalalari muhokama qilindi.

