“Future 100” dasturi: Harvard universitetida startup ekotizimi va innovatsion laboratoriyalar tajribasi o‘rganildi
2026-07-21 17:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Dastur doirasida ishtirokchilar Harvard Innovation Labs (i-lab) faoliyati bilan tanishib, universitetda g‘oyalarni global startaplarga aylantirish mexanizmlari, innovatsion ekotizimni rivojlantirish, venchur kapital, mentorlik dasturlari hamda talabalar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot oldilar.
Shuningdek, uchrashuv davomida ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, universitet–biznes hamkorligi, sun’iy intellekt va deep-tech yo‘nalishlarida startaplarni rivojlantirish bo‘yicha ilg‘or tajribalar muhokama qilindi. Ishtirokchilar Harvard innovatsion muhitining amaliy modeli bilan yaqindan tanishib, uni O‘zbekistonda rivojlantirish yuzasidan fikr almashdilar.
Mazkur tashrif ishtirokchilarga dunyodagi eng muvaffaqiyatli startup ekotizimlaridan birining ishlash mexanizmlarini o‘rganish, innovatsiyalarni tijoratlashtirish hamda universitetlarda tadbirkorlik madaniyatini rivojlantirish bo‘yicha muhim tajriba berdi.
Ma’lumot o‘rnida: Harvard University 1636-yilda tashkil etilgan bo‘lib, AQSHdagi eng qadimgi oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Universitetda 25 mingdan ortiq talaba tahsil oladi, 160 dan ortiq Nobel mukofoti laureatlari Harvard bilan bog‘liq faoliyat olib borgan. Universitet 14 ta maktab (faculty/school), dunyodagi eng yirik akademik kutubxona tizimlaridan biri hamda Harvard Innovation Labs (i-lab) orqali minglab innovatsion startaplarni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
