AQSHning Rovan universiteti bilan hamkorlikning yangi bosqichi boshlanmoqda
2026-06-22 22:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuv davomida mamlakatimizda oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar sohalarida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, taʼlim sifatini oshirish, xalqaro akademik hamkorlikni kengaytirish hamda ilmiy-tadqiqot faoliyatini qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida atroflicha fikr almashildi.
Tomonlar muhandislik va texnologiya sohasida Rovan universitetining Twin Track dasturi asosida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, biomeditsina va tibbiy taʼlim yoʻnalishlarini rivojlantirish, innovatsiyalar va investitsiyalar ekotizimini takomillashtirish hamda taʼlim, ilm-fan va iqtisodiyot integratsiyasi boʻyicha ilgʻor tajribalarni Oʻzbekistonda tatbiq etish masalalarini muhokama qildilar.
Uchrashuvda Rovan universitetining tibbiy taʼlim sohasidagi salohiyati alohida qayd etildi. Universitet AQSHda MD (Doctor of Medicine), DO (Doctor of Osteopathic Medicine) va DVM (Doctor of Veterinary Medicine) darajalari boʻyicha taʼlim beruvchi kam sonli oliy taʼlim muassasalaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, 2025-yilda universitet tarkibida Nyu-Jersi shtatidagi yagona veterinariya maktabi — Shreiber School of Veterinary Medicine faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.
Rowan University AQShdagi “tadbirkorlik universiteti” modelining yorqin namunasi hisoblanadi. Universitet mahalliy startaplarni qoʻllab-quvvatlash, venchur kapitalni rivojlantirish va taʼlim tashabbuslarini moliyalashtirish boʻyicha muvaffaqiyatli tajribaga ega.
Uchrashuvda mazkur tajribani Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarida tatbiq etish hamda ijtimoiy sohada investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Rovan universiteti yuqori sifatli taʼlimni nisbatan maqbul narxlarda taqdim etish modeli bilan ham xalqaro miqyosda eʼtirof etilgan boʻlib, mazkur yondashuv Oʻzbekistonda ham sifatli taʼlimdan keng aholi qatlamlarining foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadlari bilan hamohang ekani taʼkidlandi.
Xalqaro Nordik universitetida faoliyat yuritayotgan Rowan University markazi negizida 2026–2027 oʻquv yilidan boshlab “3+1” bakalavriat va “1+1” magistratura qoʻshma taʼlim dasturlari yoʻlga qoʻyiladi.
Mazkur hamkorlik Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi akademik aloqalarni yanada mustahkamlash, xalqaro standartlarga mos yuqori malakali kadrlar tayyorlash hamda mamlakatimizda ilm-fan va innovatsiyalar rivojiga yangi surʼat bagʻishlashi kutilmoqda.









