ShHTga aʼzo davlatlar taʼlim vazirlarining oʻninchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi
2026-06-16 23:00:00 / Vazirlik yangiliklari

"Taʼlim orqali oʻzaro ishonchni mustahkamlash, hamkorlik va bilimlar makonini kengaytirish, ShHTning umumiy taraqqiyot kelajagini shakllantirish" mavzusida tashkil etilgan tadbirda Belarus, Hindiston, Eron, Qozogʻiston, Xitoy, Qirgʻiziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va Oʻzbekiston delegatsiyalari ishtirok etdi.
Yigʻilishni Belarus Respublikasi taʼlim vaziri Andrey Ivanes hamda SHHT Bosh kotibi oʻrinbosari Suxel Xanning qutlov nutqlari ochib berdi.
Yigʻilishda ishtirok etgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov oʻz maʼruzasida mamlakatimizda oliy taʼlim va ilm-fan sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, taʼlim qamrovini kengaytirish, taʼlim sifatini xalqaro standartlar asosida oshirish, shuningdek, yoshlarni innovatsion faoliyatga keng jalb etish borasida olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi.
Tadbir doirasida ishtirokchi davlatlar taʼlim tizimlarining bugungi holati, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar hamda 2027–2029-yillarda taʼlim va ilm-fan sohalaridagi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari muhokama qilindi.
Davlatlar delegatsiyalari rahbarlari oʻz chiqishlarida taʼlim sifatini oshirish, akademik mobillikni kengaytirish, raqamli taʼlim texnologiyalarini joriy etish, ilmiy tadqiqotlar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish va yoshlarning innovatsion faolligini qoʻllab-quvvatlash masalalariga alohida eʼtibor qaratdilar.
Yigʻilishda Oʻzbekiston delegatsiyasi mamlakatimizda oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, xalqaro hamkorlikni kengaytirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar hamda SHHT doirasidagi taʼlim loyihalarida ishtirokni yanada faollashtirishga qaratilgan tashabbuslar haqida maʼlumot berdi.
Yigʻilish yakunida ShHTga aʼzo davlatlar taʼlim vazirlarining oʻninchi yigʻilishi bayonnomasi imzolandi hamda taʼlim va ilm-fan sohalaridagi koʻp tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash boʻyicha kelishuvlarga erishildi.
Tadbir doirasida ShHTga aʼzo davlatlar delegatsiyalari rahbarlari Minsk shahridagi Gʻalaba maydonida joylashgan Gʻalaba monumenti poyiga gulchambar qoʻyish marosimida qatnashdilar. Marosim davomida Ikkinchi jahon urushi qurbonlari xotirasiga hurmat bajo keltirildi.









