TESVOLT kompaniyasining dual taʼlim tajribasi oʻrganildi
2026-06-14 18:35:00 / Vazirlik yangiliklari
Xizmat safari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi delegatsiyasi Germaniyaning energiya saqlash tizimlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan TESVOLT kompaniyasining Vittenberg shahridagi ishlab chiqarish majmuasiga tashrif buyurdi. Tashrifda kompaniyaning dual taʼlim sohasidagi muhim hamkori hisoblangan Anhalt University of Applied Sciences bilan amalga oshirilayotgan hamkorlik modeli va kadrlar tayyorlash tajribasi oʻrganildi.

Uchrashuvda TESVOLT kompaniyasi rahbariyati tomonidan mahalliy kasb-hunar maktablari va oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan dual taʼlim dasturlari haqida maʼlumot berildi. Xususan, taʼlim jarayonida nazariy bilimlarni ishlab chiqarishdagi amaliy mashgʻulotlar bilan uygʻunlashtirish, talabalar uchun mentorlik tizimini yoʻlga qoʻyish, ularning kasbiy kompetensiyalarini shakllantirish va korxona ehtiyojlariga mos mutaxassislar tayyorlash mexanizmlari taqdim etildi.
Muzokaralar chogʻida TESVOLT kompaniyasi va Anhalt University of Applied Sciences oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik tajribasiga alohida toʻxtalib oʻtildi. Qayd etilganidek, mazkur hamkorlik doirasida talabalar universitetda nazariy bilimlarni oʻzlashtirish bilan bir vaqtning oʻzida kompaniyada amaliy faoliyat olib boradi. Bu esa bitiruvchilarning mehnat bozori talablariga mos yuqori malakali mutaxassis sifatida shakllanishiga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, talabalar va oʻquvchilarning ishlab chiqarish jarayonlarida bevosita ishtirok etishi, kompaniya mutaxassislari rahbarligida amaliy koʻnikmalarni egallashi, taʼlim muassasalari va sanoat korxonalari oʻrtasidagi integratsiyani kuchaytirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi. Tomonlar mazkur yondashuv yoshlarning bandligini taʼminlash va zamonaviy iqtisodiyot uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladilar.
Tashrif davomida delegatsiya korxonadagi ishlab chiqarish jarayonlari, zamonaviy texnologiyalar, raqamlashtirilgan boshqaruv tizimlari hamda mahsulot sifati nazorati mexanizmlari bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, kompaniyada kadrlar tayyorlash va dual taʼlimni tashkil etish boʻyicha shakllangan samarali tajriba atroflicha oʻrganildi.
Oʻzbekistonda dual taʼlim tizimini yanada takomillashtirish, taʼlim muassasalari va ishlab chiqarish korxonalari oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, Germaniyaning ilgʻor tajribalarini oʻrganish va amaliyotga tatbiq etish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Maʼlumot uchun, TESVOLT kompaniyasi 2014-yilda tashkil etilgan boʻlib, Germaniyaning sanoat va tijorat sektorlari uchun akkumulyator energiya saqlash tizimlarini ishlab chiqaruvchi yetakchi korxonalaridan biri hisoblanadi. Kompaniyaning Vittenberg shahrida joylashgan ishlab chiqarish majmuasi Yevropadagi akkumulyator energiya saqlash tizimlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan ilk gigafabrikalardan biri sanaladi. Bugungi kunda TESVOLT tomonidan jahonning turli mamlakatlarida 6 mingdan ortiq energiya saqlash loyihalari amalga oshirilgan boʻlib, kompaniya mahsulotlari 10 kVt·soatdan 100 MVt·soatgacha boʻlgan quvvatdagi yechimlarni qamrab oladi.






