Anhalt amaliy fanlar universitetida Germaniyaning dual taʼlim sohasidagi ilgʻor tajribasi oʻrganildi
2026-06-13 17:25:00 / Vazirlik yangiliklari
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi delegatsiyasining Germaniya Federativ Respublikasiga tashrifi doirasida Anhalt amaliy fanlar universiteti (Anhalt University of Applied Sciences)da uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuv davomida Germaniyada dual taʼlim tizimini samarali tashkil etish mexanizmlari, taʼlim muassasalari va ish beruvchilar oʻrtasidagi hamkorlikning institutsional asoslari, talabalarning nazariy bilimlarini amaliy koʻnikmalar bilan uygʻunlashtirish tajribasi hamda mehnat bozori talablariga mos yuqori malakali kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Universitet mutaxassislari tomonidan Anhalt amaliy fanlar universitetida amalga oshirilayotgan dual taʼlim dasturlari haqida taqdimot oʻtkazildi. Unda dual taʼlimning asosiy afzalliklari, taʼlim jarayonining korxonalar faoliyati bilan integratsiyalashgan modeli, talabalarning oʻqish davomida amaliy tajriba va daromad olish imkoniyatlari haqida maʼlumot berildi.
Qayd etilganidek, universitetda bakalavriat va magistratura bosqichlarida dual taʼlim shaklidagi qator taʼlim dasturlari amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda universitet 200 dan ortiq hamkor korxona va tashkilotlar bilan hamkorlik qilib, talabalarni ish joyida amaliy tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻygan. Taʼlim jarayonida nazariy mashgʻulotlar universitetda, amaliy bosqichlar esa ish beruvchi tashkilotlarda oʻtkazilib, har ikki yoʻnalish oʻzaro muvofiqlashtirilgan holda tashkil etiladi.
Tomonlar Germaniyaning xalqaro miqyosda eʼtirof etilgan dual taʼlim modeli iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojlariga javob beradigan raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashda muhim oʻrin tutishi, bunda taʼlim muassasalari, ish beruvchilar va davlat tashkilotlari oʻrtasidagi yaqin hamkorlik hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini taʼkidladilar.
Shuningdek, delegatsiya aʼzolari uchun universitet infratuzilmasi boʻylab tanishuv ekskursiyasi tashkil etildi. Unda zamonaviy oʻquv binolari, ilmiy-tadqiqot laboratoriyalari, amaliy mashgʻulotlar oʻtkaziladigan oʻquv-ishlab chiqarish maydonlari, talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda taʼlim jarayonida qoʻllanilayotgan innovatsion texnologiyalar va yondashuvlar bilan yaqindan tanishildi.
Muzokaralar chogʻida dual taʼlimni yanada rivojlantirish, taʼlim dasturlarini mehnat bozori va ish beruvchilar ehtiyojlari asosida takomillashtirish, professor-oʻqituvchilar va talabalar akademik almashinuvini kengaytirish, qoʻshma taʼlim dasturlari hamda ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.



