O‘zbekiston delegatsiyasi Bavariyada dual ta’limning ilg‘or modelini o‘rganmoqda
2026-06-12 17:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Delegatsiya a’zolarini universitet prezidenti, professor doktor Kerstin Fink qabul qildi. Uchrashuv davomida Germaniyaning amaliyotga yo‘naltirilgan oliy ta’lim tizimi, xususan, sanoat korxonalari bilan uzviy integratsiyalashgan dual ta’lim modeli, talabalarni kasbiy tayyorlash mexanizmlari hamda mehnat bozori ehtiyojlariga mos kadrlar tayyorlash tajribasi muhokama qilindi.
HDBW davlat tomonidan tan olingan xususiy amaliy fanlar universiteti bo‘lib, Bavariya iqtisodiyoti ta’lim tashkiloti (bbw) tarkibiga kiradi. Universitetda biznes boshqaruvi, muhandislik, sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik, raqamli texnologiyalar va innovatsion menejment yo‘nalishlari bo‘yicha zamonaviy mutaxassislar tayyorlanadi.
Delegatsiya HDBW faoliyatining bir qator muhim jihatlarini o‘rgandi. Xususan, ta’lim dasturlarini ish beruvchilar ehtiyojlari asosida shakllantirish, talabalarni o‘qish jarayonining ilk bosqichlaridanoq ishlab chiqarish amaliyotiga jalb etish, dual ta’limni BMW, Siemens, MAN kabi yirik sanoat korxonalari bilan hamkorlikda tashkil etish hamda amaliyot natijalarini monitoring qilish va baholash tizimi bilan tanishildi.
Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida dual ta’limni yanada rivojlantirish, amaliy fanlar universitetlari modelini joriy etish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda Bavariya kompaniyalarida o‘zbekistonlik talabalar uchun amaliyot va stajirovka imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur hamkorlik o‘zbekistonlik talabalar uchun xalqaro sanoat tajribasini egallash, amaliy ko‘nikmalarni kuchaytirish va mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassis bo‘lib yetishish imkoniyatlarini kengaytiradi.



