Oʻzbekiston delegatsiyasi Bavariya hunarmandchilik palatasi faoliyatini oʻrgandi
2026-06-11 15:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Myunxen va Yuqori Bavariya Hunarmandchilik palatasi (Handwerkskammer für München und Oberbayern) Germaniyadagi eng yirik hunarmandchilik palatalaridan biri hisoblanadi. Palata tarkibiga 80 mingdan ortiq hunarmandchilik va kichik biznes subyektlari aʼzo boʻlib, ularning faoliyatida 450 mingdan ziyod xodim mehnat qiladi.
Palata tomonidan har yili 30 mingdan ortiq oʻquvchi va mutaxassislar uchun kasbiy taʼlim hamda malaka oshirish dasturlari tashkil etiladi. Oʻquv markazi avtomobilsozlik, elektrotexnika, qurilish, yogʻochga ishlov berish, metallga ishlov berish, sanitariya va energiya texnologiyalari kabi 30 dan ortiq yoʻnalishlarda amaliy mashgʻulotlar olib borish imkoniyatiga ega.
Germaniyada dual taʼlim tizimi kasbiy taʼlimning asosiy modeli hisoblanib, oʻquvchilarning taxminan uchdan ikki qismi aynan ushbu tizim asosida tahsil oladi. Bunda nazariy bilimlar taʼlim muassasasida, amaliy koʻnikmalar esa korxonalarda shakllantiriladi. Mazkur model yoshlarning mehnat bozoriga tez moslashishi va bitiruvchilar bandligini taʼminlashda muhim omil boʻlib xizmat qilmoqda.
Tashrif davomida delegatsiya aʼzolari markaz faoliyati, uning zamonaviy moddiy-texnik bazasi, oʻquv laboratoriyalari va ustaxonalari, shuningdek, muhandislik-texnik hamda hunarmandchilik yoʻnalishlari boʻyicha amaliyotga yoʻnaltirilgan kadrlar tayyorlash tizimi bilan yaqindan tanishdilar. Alohida eʼtibor Germaniyaning dual taʼlim tajribasi, taʼlim muassasalari va ish beruvchilar oʻrtasidagi hamkorlik mexanizmlari, shuningdek, mehnat bozori talablariga mos malakali mutaxassislar tayyorlash masalalariga qaratildi.
Oʻquv markazi vakillari kasbiy taʼlim va malaka oshirish dasturlari, taʼlim oluvchilarning kompetensiyalarini baholash tizimi, taʼlim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda sanoat va xizmat koʻrsatish sohalari uchun kadrlar tayyorlashning samarali mexanizmlari haqida batafsil maʼlumot berdilar.
Oʻz navbatida, Oʻzbekiston tomoni tomonidan kasbiy va dual taʼlim sohasida hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha qator takliflar ilgari surildi. Xususan, Germaniyaning ilgʻor taʼlim dasturlarini Oʻzbekistonning kasbiy va texnika oliy taʼlim muassasalari oʻquv jarayoniga joriy etish, kadrlar tayyorlash va professor-oʻqituvchilar malakasini oshirish boʻyicha qoʻshma dasturlarni tashkil etish, amaliyotga yoʻnaltirilgan taʼlimni rivojlantirish hamda taʼlim muassasalari va ish beruvchilar oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.






