Amerika texnologiyalar universitetining ilk bitiruvchi magistrlariga diplomlar topshirildi
2026-06-06 20:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Marosimda soʻzga chiqqan vazir Qoʻngʻirotboy Sharipov bitiruvchilarni ushbu qutlugʻ kun bilan samimiy tabriklab, Amerika Texnologiyalar universiteti qisqa vaqt ichida mamlakatning eng istiqbolli oliy taʼlim muassasalaridan biriga aylanganini taʼkidladi.
Qayd etilganidek, universitet 2024-yilda tashkil etilgan boʻlib, bugungi kunga qadar unga 506 nafar talaba qabul qilingan. Talabalarning katta qismi davlat granti, toʻliq grant va universitet tomonidan ajratilgan turli grantlar asosida tahsil olmoqda. Bu esa mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosati samarasi hisoblanadi.
Vazir oʻz nutqida Amerika texnologiyalar universitetining birinchi bitiruvchilari universitet tarixining ilk sahifalarini yozgan avlod sifatida ham alohida oʻrin tutishini taʼkidladi. Shuningdek, tadbirda ota-onalar va professor-oʻqituvchilarning mehnatiga ham yuksak baho berildi. Taʼkidlanganidek, yoshlarni zamonaviy bilimlar bilan qurollantirish, ularni jahon standartlari darajasida tayyorlashda ustozlarning fidokorona mehnati hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Amerika texnologiyalar universiteti muhandislik, axborot texnologiyalari, iqtisodiyot va moliya hamda xalqaro munosabatlar sohalari uchun xalqaro standartlarga javob beradigan yuqori malakali kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan.
Universitet Arizona State University bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi. Xususan, uning hamkor taʼlim muassasalari — Thunderbird School of Global Management va W. P. Carey School of Business jahonning eng nufuzli taʼlim muassasalari qatoriga kiradi. Bu esa talabalarga xalqaro darajada tan olingan taʼlim dasturlari asosida bilim olish imkonini bermoqda.









