Jahonning yetakchi universiteti bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi
2026-06-05 16:10:00 / Vazirlik yangiliklari

Muloqot avvalida Oʻktam Salomov mamlakatimizda soʻnggi yillarda oliy taʼlim va ilm-fan sohasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlarining izchil rivojlanib borayotgani haqida toʻxtaldi. Taʼkidlanganidek, bugungi kunda Xitoy Oʻzbekistonning eng yirik savdo hamkorlaridan biri hamda muhim investitsiya manbai hisoblanadi. Shuningdek, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ilgari surilgan “U10” loyihasi doirasida jahonning yetakchi universitetlari bilan hamkorlik qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Uchrashuv davomida City University of Hong Kong vakillari universitetning xalqaro maydondagi nufuzi, taʼlim va tadqiqotlar sohasidagi yutuqlari haqida batafsil maʼlumot berdilar. Universitetning soʻnggi uch yil davomida dunyodagi eng xalqaro universitet sifatida eʼtirof etilgani, jahonning 400 dan ortiq oliy taʼlim va ilmiy muassasalari bilan hamkorlik qilishi, shuningdek, xalqaro reytinglarda yuqori oʻrinlarni egallab kelayotgani qayd etildi.
Muloqotda innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik masalalari ham alohida oʻrin tutdi. Xususan, universitet tomonidan amalga oshirilayotgan “Tech 300” dasturi, startap ekotizimini rivojlantirish boʻyicha tajriba, talabalarni xalqaro stajirovkalarga jalb etish hamda ilmiy tadqiqotlarni amaliyot bilan uygʻunlashtirish borasidagi ishlar haqida fikr almashildi. Oʻzbekiston tomoni esa mamlakatimizda oʻtkaziladigan Xalqaro innovatsiyalar haftaligi doirasida universitet vakillari hamda ularning startap jamoalarini ishtirok etishga taklif qildi.
Uchrashuv yakunlariga koʻra, tomonlar hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha qator muhim kelishuvlarga erishdilar. Jumladan, City University of Hong Kongning Oʻzbekistonda filial ochish imkoniyatlarini oʻrganishi, qoʻshma taʼlim dasturlari va ilmiy loyihalarni yoʻlga qoʻyish, universitetlar oʻrtasida akademik almashinuvlarni kengaytirish, ilmiy maqolalar tayyorlash hamda qoʻshma tadqiqot markazlarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, iqtidorli oʻzbekistonlik yoshlarni Gonkongda tahsil olishga jalb etish, ularni davlat grantlari asosida qoʻllab-quvvatlash hamda mahalliy oliy taʼlim muassasalarida xalqaro tajribani joriy etish yuzasidan oʻzaro manfaatli takliflar koʻrib chiqildi.
Mazkur uchrashuv Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida taʼlim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, mamlakatimiz oliy taʼlim tizimining xalqaro integratsiyasini kengaytirish va yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish yoʻlidagi muhim qadamlardan biri boʻldi.









