“Yangi Oʻzbekiston talabalar Olimpiadasi” sport musobaqalarining Respublika bosqichi musobaqalariga start berildi
2026-06-05 15:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Musobaqalarning dastlabki bosqichlarida respublika bo‘ylab 170 ta oliy ta’lim muassasasidan 154 ming nafardan ortiq talaba-yoshlar ishtirok etdi. Hududiy bosqichlarda qariyb 10 ming nafar talaba qatnashgan bo‘lsa, final bahslarida mamlakatimizning barcha hududlaridan saralangan 2 ming nafardan ortiq eng kuchli sportchilar g‘oliblik uchun kurash olib boradi.
Respublika final bosqichining ilk kunida sportning 4 turi bo‘yicha musobaqalarga start berildi. Jumladan, futbol bahslari O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, Milliy futbol markazi hamda Olimpiya shaharchasida, gandbol musobaqalari Olimpiya shaharchasi va O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti manejida, voleybol bo‘yicha o‘g‘il bolalar bahslari Mirzo Ulug‘bek tumani 1-son sport maktabida, qizlar o‘rtasidagi uchrashuvlar esa Chirchiq davlat pedagogika universiteti sport majmuasida boshlandi. Shuningdek, yengil atletika bo‘yicha bahslar Olimpiya shaharchasining Markaziy stadionida, yadro uloqtirish musobaqalari esa O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida o‘tkazilmoqda.
Respublika bosqichi doirasida voleybol, gandbol, futbol, basketbol 3x3, stol tennisi, yengil atletika hamda suzish bo‘yicha bahslar tashkil etiladi.









