“Yangi O‘zbekiston talabalar Olimpiadasi” sport musobaqalariga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi
2026-06-02 18:00:00 / Vazirlik yangiliklari
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida “Yangi O‘zbekiston talabalar Olimpiadasi” sport musobaqalarining respublika final bosqichlarini yuqori saviyada tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan Tashkiliy qo‘mita yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari O‘ktam Salomov, Sport vaziri o‘rinbosari Shaxrillo Mahmudov, tegishli davlat idoralari va tashkilotlar, oliygohlar mas’ul vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida musobaqalarning hududiy va final bosqichlariga tayyorgarlik holati, ishtirokchi sportchilarni kutib olish, joylashtirish, transport-logistika masalalari hamda musobaqalarni yuqori tashkiliy darajada o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, 4-iyunga qadar barcha delegatsiyalar va talaba-sportchilarning musobaqa o‘tkaziladigan hududlarga yetib kelishini ta’minlash, ularning yashash va ovqatlanish sharoitlarini tashkil etish, xavfsizlik hamda tibbiy xizmat masalalarini samarali yo‘lga qo‘yish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Shuningdek, hakamlik faoliyatining xolisligini ta’minlash va tadbirlarni belgilangan reja-grafik asosida o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Yig‘ilish yakunida “Yangi O‘zbekiston talabalar Olimpiadasi” sport musobaqalarining barcha bosqichlarini namunali tashkil etish, sportchilar va mehmonlar uchun munosib sharoit yaratish hamda musobaqalarning nufuzini yanada oshirish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.









