Oʻzbekiston va Turkiya oliy taʼlim sohasidagi hamkorlikning yangi yoʻnalishlari muhokama qilindi
2026-05-23 18:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuv Buxoro shahrida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston – Turkiya rektorlarining IV forumi yakunlari doirasida tashkil etildi. Vazir mazkur forum ikki mamlakat oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etganini taʼkidladi.
Qayd etilganidek, Buxoro shahrida boʻlib oʻtgan navbatdagi Toʻrtinchi forumda 50 dan ortiq universitet rektorlari ishtirok etdi. Forum doirasida ikki mamlakat oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida 50 dan ziyod memorandum va hamkorlik kelishuvlari imzolandi.
Taʼkidlash joizki, 2025/2026 oʻquv yili holatiga koʻra, Oʻzbekistonning 4 ta oliy taʼlim muassasasi Turkiyaning 2 ta universiteti bilan hamkorlikda 6 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturlarini amalga oshirmoqda. Ushbu dasturlarda 718 nafar talaba tahsil olmoqda. Soʻnggi besh yil ichida ikki mamlakat oʻrtasida 300 nafarga yaqin professor-oʻqituvchilar almashinuvi amalga oshirilgan, 45 ta qoʻshma ilmiy konferensiya tashkil etilgan.
Uchrashuvda Turkiya universitetlari ishtirokida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan muhim tashabbuslar ham alohida qayd etildi. Jumladan, TOBB Iqtisodiyot va texnologiyalar universiteti filialining tashkil qilinishi, Buxoro davlat tibbiyot instituti huzurida Turkiya tibbiyot fakultetining ochilishi, Yildiz texnika universiteti bilan hamkorlikda innovatsion texnopark tashkil etilgani taʼkidlandi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan Turkiy davlatlar xalqaro universiteti tashkil etilgani qayd etildi.
Tomonlar ilmiy hamkorlik ham yangi bosqichga koʻtarilayotganini taʼkidladilar. Xususan, TUBITAK bilan hamkorlikda qoʻshma ilmiy loyihalar tanlovlari tashkil etilgan boʻlib, ular doirasida 400 dan ortiq loyiha taqdim etilgan va 53 ta loyiha moliyalashtirishga tavsiya qilingan.
Shuningdek, turk tili va madaniyatini oʻrganishga qiziqish ortib borayotgani, hozirda 5 ming nafardan ortiq talabalar ikkinchi til sifatida turk tilini tanlagani qayd etildi.
Uchrashuvda muhandislik, tibbiyot, biotexnologiya, sunʼiy intellekt, qishloq va suv xoʻjaligi, qurilish kabi ustuvor sohalarda akademik mobillik va qoʻshma tadqiqotlarni kengaytirish, injenerlik va IT sohalarida qoʻshma laboratoriyalar tashkil etish, universitet texnoparklari va startap ekotizimini rivojlantirish hamda “yashil kampus” loyihalarini amalga oshirish boʻyicha fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar Oʻzbekiston va Turkiya universitetlari oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, qoʻshma taʼlim va ilmiy loyihalarni qoʻllab-quvvatlashdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.





