Tadbirkorlik g‘oyalariga ega bitiruvchilarning istiqbolli loyihalarini yanada rivojlantirish uchun imtiyozli kreditlar ajratildi
2026-05-22 17:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbirda viloyatdagi oliy ta’lim muassasalarining 4 mingdan ziyod bitiruvchi talabalari ishtirok etdi. Ko‘rgazmada 100 ga yaqin ish beruvchi korxona va tashkilotlar tomonidan 800 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari taklif qilinib, yoshlar o‘z mutaxassisligi va qiziqishlariga mos ish o‘rinlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Tadbir davomida talaba-yoshlar uchun ochiq muloqot tashkil qilinib, unda ishga joylashgandan keyingi kasbiy rivojlanish, shaxsiy brendni shakllantirish hamda professional tarmoqlarga qo‘shilishning ahamiyati haqida fikr almashildi.
Ochiq muloqotda “Kelajakka qadam” markazi, O‘zmilliybank ATB Sirdaryo viloyati boshqarmasi va viloyat hokimiyati mas’ullari ishtirok etib, yoshlar uchun mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari hamda moliyaviy dasturlar yuzasidan taqdimotlar o‘tkazdi.
Taqdimotda ishga joylashish tartibi, bank tizimidagi vakant lavozimlar, o‘z biznesini boshlash istagida bo‘lgan yoshlar uchun ajratilayotgan imtiyozli kreditlar, moliyaviy maslahat xizmatlari va amaliy qo‘llab-quvvatlash choralari haqida ma’lumot berildi.
Tadbirning eng ahamiyatli jihatlaridan biri – tadbirkorlik g‘oyalariga ega bitiruvchi talabalarning innovatsion va istiqbolli loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslar bo‘ldi. Tanlov asosida saralangan eng yaxshi loyihalar mualliflariga ularni yanada rivojlantirish va amaliyotga joriy etish maqsadida imtiyozli kreditlar ajratildi.
Shuningdek, tadbir doirasida talabalar “Mili teks Sirdaryo” korxonasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishtirildi. Guliston tumanida joylashgan mazkur korxona aralash kalava va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, yoshlarga ishlab chiqarish jarayonlari, zamonaviy texnologiyalar hamda korxonadagi mehnat sharoitlari haqida ma’lumot berildi.









