Oila va tarbiya masalalari boʻyicha respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi boʻlib oʻtdi
2026-05-08 19:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Konferensiyada Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Zulayho Maxkamova, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilhom Tuxtasinov, vazirlik va idoralar vakillari, olimlar, tadqiqotchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda mamlakatda oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, yoshlarni vatanparvarlik va milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash masalalari bugungi davlat siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biri ekani taʼkidlandi.
Konferensiya doirasida oila institutini rivojlantirish, gender tenglikni taʼminlash, yoshlar tarbiyasida milliy va umuminsoniy qadriyatlarning oʻrni, oilaviy munosabatlarda huquqiy va psixologik yondashuvlar kabi mavzularda maʼruzalar tinglandi.
Shuningdek, “Raqamli jamiyatda oila”, “Oila va vatanparvarlik tarbiyasi”, “Oila va taʼlim tizimida tarbiya” mavzularida panel sessiyalar tashkil etildi. Ularda raqamli texnologiyalar, innovatsion platformalar va yoshlar bilan ishlashning zamonaviy usullari yuzasidan taqdimotlar oʻtkazildi.
Konferensiya yakunida sohadagi ilmiy va amaliy hamkorlikni kengaytirish, taʼlim muassasalarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish hamda oila qadriyatlarini targʻib qilish boʻyicha taklif va tavsiyalar bildirildi.









