“DIGI-TEACHH UZ” pilot loyihasiga start berildi
2026-05-02 20:20:00 / Vazirlik yangiliklari
2-may kuni oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari Sardor Rajabov hamda Coursera Inc. kompaniyasining Markaziy Osiyo boʻyicha katta direktori Larissa Wheatcroft oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Unda “DIGI-TEACH UZ” pilot loyihasini amalga oshirish boʻyicha yoʻl xarita imzolandi. Tomonlar loyihaning amaliy jihatlari, uni bosqichma-bosqich joriy etish mexanizmlari va uzoq muddatli hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.
Mazkur tashabbus mamlakat oliy taʼlim tizimida raqamli transformatsiya jarayonlarini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan. Yoʻl xaritaga muvofiq, xalqaro taʼlim kontentini oʻquv jarayonlariga integratsiya qilish, talabalar uchun zamonaviy va moslashuvchan taʼlim imkoniyatlarini kengaytirish hamda raqamli pedagogik yondashuvlarni joriy etish asosiy vazifalar etib belgilandi.
Loyiha doirasida xalqaro onlayn kurslarni taʼlim dasturlariga integratsiya qilish, oliy taʼlim muassasalarida aralash taʼlim (blended learning) tizimini rivojlantirish kabi yoʻnalishlarga alohida eʼtibor qaratilgan.
“DIGI-TEACHH UZ” pilot dasturi ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda (2026-yil may–iyun) 100 nafar professor-oʻqituvchi uchun CHoursera litsenziyalari ajratilib, raqamli pedagogika boʻyicha ichki ekspertlar tayyorlanadi. Ikkinchi bosqichda (2026-yil sentyabr–dekabr) esa 5 ta oliy taʼlim muassasasida 500 nafar talabaga litsenziya taqdim etilib, onlayn kurslar bevosita oʻquv jarayonlariga integratsiya qilinadi.
Taʼkidlanganidek, mazkur pilot tashabbus Oʻzbekiston oliy taʼlim tizimida raqamli taʼlim infratuzilmasini mustahkamlash, taʼlim sifatini oshirish va xalqaro standartlarga mos kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, kelgusida ushbu tajribani kengaytirish orqali mamlakat boʻylab raqamli taʼlim modelini joriy etish uchun mustahkam asos yaratiladi.






