“ToshTech”da taʼlim islohotlari va yangi loyihalar muhokama qilindi
2026-04-04 19:30:00 / Vazirlik yangiliklari
3-aprel kuni “ToshTech” texnika universitetiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining taʼlimni isloh qilish boʻyicha oʻrinbosari Ilxom Sirojev tashrif buyurdi. Tadbirda shuningdek, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri oʻrinbosari Oʻktam Salomov hamda Boston Consulting Group konsalting kompaniyasining mintaqaviy ofisi rahbarlari ishtirok etdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari Siradjev Ilxom Toxirovich “ToshTech” texnika universitetiga tashrif buyurdi.
Shuningdek, ushbu tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Salomov Uktam Rahimovich hamda «Boston Consulting Group» konsalting kompaniyasining mintaqaviy ofisi rahbarlari ishtirok etdilar.
“ToshTech” texnika universiteti rektori Xudaykulov Adxam Yusupovich mehmonlarga universitetda yaratilgan shart-sharoitlar, moddiy-texnika bazasi hamda talabalar uchun imkoniyatlar to‘g‘risida qisqacha axborot berdi.
Bugungi kunda “ToshTech” texnika universiteti hamda dunyoning top
50 taligiga kiruvchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik shartnomalari imzolanganligi alohida qayd etildi.
Mehmonlarga “ToshTech” texnika universitetini Markaziy Osiyoning yetakchi texnologik universitetiga aylantirish va 2040 yilga qadar dunyoning eng yaxshi 100 ta yosh universiteti qatoriga kiritish hamda ilg‘or muhandislik tadqiqotlari markazlarini tashkil etish bo‘yicha amalga oshirish strategiyasi bo‘yicha batafsilma’lumot taqdim etildi.
Tashrif davomida universitetning yangi qurilayotgan kampusi loyihasi ham mehmonlarga taqdim etildi. Mazkur taqdimotda zamonaviy infratuzilma yaratish, ilg‘or laboratoriyalarni tashkil etish hamda ularni eng so‘nggi texnologiyalar asosida jihozlash masalalariga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, yangi kampusda ta’lim va ilmiy-tadqiqot faoliyatini integratsiyalashgan holda rivojlantirish uchun zarur barcha shart-sharoitlarni yaratish rejalashtirilayotgani qayd etildi.
Shu bilan birga, universitetda tashkil etilgan Foundation dasturida tahsil olayotgan 200 nafardan ortiq o‘quvchilarning o‘quv natijalari, ularning bilim darajasi va akademik ko‘rsatkichlari, shuningdek, keyingi bosqichlarga tayyorlash jarayonlari haqida ham atroflicha ma’lumot berildi.
Mazkur tashrif oliy ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislar tayyorlash hamda universitet faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Uchrashuv davomida xalqaro va mahalliy hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, yangi loyihalarni amalga oshirish, kadrlar tayyorlash sifatini yanada oshirish masalalari muhokama qilindi.



