Vazir Pearson oʻquv dasturi asosida faoliyat yuritayotgan Nukus shahridagi 1-son texnikum faoliyati bilan tanishdi
2026-04-04 17:50:00 / Vazirlik yangiliklari

Tashrif davomida texnikumda yaratilgan shart-sharoitlar, zamonaviy laboratoriya va ustaxonalar imkoniyatlari koʻzdan kechirildi. Xususan, oʻquv jarayonining amaliyot bilan uygʻunligi, talabalarning kasbiy koʻnikmalarni bevosita ishlab chiqarish muhitiga yaqin sharoitlarda egallayotgani alohida eʼtirof etildi.
Uchrashuvlar davomida amaliy koʻnikmalarni yanada rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, taʼlim dasturlarini mehnat bozori talablariga moslashtirish, yoshlarni zamonaviy va talab yuqori boʻlgan kasblarga yoʻnaltirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, taʼlim jarayoniga ilgʻor xorijiy tajribani joriy etish va dual taʼlim elementlarini kengaytirish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Hozirda mazkur taʼlim muassasasida joriy etilgan “Pearson” xalqaro taʼlim dasturlari alohida ahamiyat kasb etmoqda. “Pearson” — dunyodagi yetakchi taʼlim kompaniyalaridan biri boʻlib, zamonaviy oʻquv dasturlari, baholash tizimlari va xalqaro sertifikatlar orqali taʼlim sifatini oshirishga xizmat qiladi. Uning dasturlari oʻquvchilarga nafaqat nazariy bilim, balki amaliyotga yoʻnaltirilgan koʻnikmalarni ham berishga qaratilgan boʻlib, xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash imkonini yaratadi.
Hozirgi kunda texnikum zamonaviy uskunalar bilan toʻliq jihozlangan boʻlib, 5 ta mutaxassislik boʻyicha oʻquvchilar “Pearson” standartlari asosida tahsil olmoqda. Bu esa bitiruvchilarning bilim va koʻnikmalarini xalqaro mezonlar asosida baholash va ularning ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Mazkur tashrif texnikumda taʼlim sifatini yanada oshirish, xalqaro standartlarga mos kadrlar tayyorlash, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish hamda zamonaviy infratuzilmani yanada rivojlantirish yoʻlida muhim ahamiyat kasb etdi.





