"Yashil belgi" mahsulot va xizmatlarni yagona ixtiyoriy ekologik markirovkalash tizimi joriy qilinadi
2025-01-22 17:00:00 / Yangiliklar
Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 20-yanvardagi "O‘zbekiston Respublikasida mahsulot va xizmatlarni ixtiyoriy ekologik markirovkalash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida belgilangan.
Ekologik markirovkalash O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi 81-son Farmoni va 171-son qarori, shuningdek, 2024-yil 21-fevraldagi 37-son Farmoni ijrosini ta'minlash hamda ekologik markirovkalashning samarali tizimini joriy etish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Qarorga ko‘ra, mahsulot va xizmatlarning ekomarkirovkalash standartlariga muvofiqligi ekomarkirovkalash tizimida avtorizatsiyadan o‘tgan yuridik shaxslar tomonidan baholanadi. Ekologik yorliqlash standartlarini ishlab chiqish, uni qo‘llash tartibini belgilash va boshqa mamlakatlarning ekologik belgilarini tan olish Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi zimmasiga yuklatilgan.
Ekomarkirovkalash organining markirovkalash jarayonlari ISO 10424 xalqaro standartiga, sertifikatlashtirishga oid ichki tartib-qoidalar esa ekomarkirovkalash tizimi qoidalari hamda ekomarkirovka belgisini qo'llash qoidalariga muvofiq bo‘lishi kerak.
Bundan tashqari, ekomarkirovkalash sertifikatisiz mahsulotlarning nomi, qadog‘i, kuzatuv hujjatlari va reklamasida hamda xo‘jalik yurituvchi subyektning nomida ekomarkirovka belgisidan foydalanish yoki bunday mahsulot va xizmatlarni realizatsiya qilish taqiqlanadi. Shuningdek, sertifikatlashtirish ixtiyoriy ravishda tadbirkorlik subyektlarining murojaatiga muvofiq ekomarkirovkalash organi bilan tuzilgan shartnoma asosida qilinadi.
Qolaversa, ekomarkirovka belgisidan mahsulotning nomi, qadog'i, kuzatuv hujjatlari, shuningdek, uni reklama qilishda foydalanish, mahsulot ishlab chiqaruvchilar tomonidan tegishli mahsulotlar uchun ekomarkirovkalash sertifikati olingandan keyin Ekologik markirovkalash tizimi operatori bilan tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Ekomarkirovkalash tizimi quyidagi talablarga mos kelishi lozim:
— ISO 14024 xalqaro standartiga muvofiq mahsulotning butun hayotiy davrini ko‘rib chiqishga asoslangan bo‘lishi;
— ekologik jihatdan afzal mahsulotni, ya'ni ishlab chiqarish, foydalanish, iste'mol qilish, transportda tashish, saqlash va utilizatsiya qilishda bir turdagi mahsulot guruhi doirasida o‘xshashiga nisbatan atrof-muhitga ekologik markirovkalash standartlariga muvofiq kam ta'sir ko'rsatuvchi mahsulotni ajratishi;
— atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik normalariga rioya etiladigan mahsulotlarni ekologik markirovkalashni ko‘zda tutishi;
— barcha jarayonlar, shuningdek, ekomarkirovka belgisini qo‘llash qoidalarining shaffofligi va tushunarliligini ta'minlashi.
Qonunga ko‘ra, bir turdagi mahsulot guruhi uchun ekomarkirovkalash standartlari qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablardan tashqari quyidagi talablarga javob berishi lozim:
— aniq o‘lchanadigan sifat va miqdoriy ekologik afzallik mezonlari hamda ularni tekshirish uslublariga ega bo‘lishi;
— bir turdagi mahsulotlarning ma'lum bir guruhiga oid mahsulot hayotiy davrining asosiy bosqichlariga qo‘yiladigan talablarni, shu jumladan, ishlab chiqarish, foydalanish, iste'mol qilish, transportda tashish, saqlash va utilizatsiya qilishni qamrab olishi;
— ekologik markirovkalash sertifikatiga ega va ega bo‘lmagan mahsulotlar o‘rtasida o‘lchanadigan ko‘rsatkichlar farqni aks ettirishi.