Atmosferaga zarar yetkazayotgan issiqxonalarga chora ko’rilmoqda
2025-01-17 18:00:00 / Yangiliklar
Oʻrganish Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o’zgarishi vazirligi Davlat ekologik nazorati inspeksiyasi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmalari, Favqulodda vaziyatlar bo’limlari, Milliy gvardiya hamda Ichki ishlar xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan amalga oshirildi.
O’rganish davomida Toshkent shahri va Toshkent viloyati bilan chegaradosh boʻlgan Toshkent halqa avtomobil yoʻli boʻylab 9 ta nuqtadan havoning ifloslanishi boʻyicha koʻchma laboratoriya orqali THAYda Eshonguzar aholi yashash punktidan Toshkent Pediatriya tibbiyot institutigacha boʻlgan hududida havoning ifloslanish darajasi tahlil qilindi. Natijada PM-2.5, 10 ifloslantiruvchi moddalar miqdori 0,05 mgdan 540 mggacha ortib ketganligi aniqlandi.
Holat yuzasidan Davlat ekologik nazorati inspeksiyasi hamda hududiy boʻlinmalar tomonidan oʻtkazilgan monitoringda jami 486 ta issiqxonalarda oʻrganish, tushuntirish va profilaktika tadbirlari olib borildi. O’z navbagida issiqxonalarning 440 tasi faoliyat yuritayotganligi, 46 ta issiqxona (Zangiota tumanida 16 ta, Qibray tumanida 10 ta, Toshkent tumanida 4 ta, Yunusobod tumanida 11 ta, M.Ulugʻbek tumanida 5 ta) mavsumiy boʻlganligi, yaʼni qozonxonasi yo’qligi sababli ish faoliyatida emasligi aniqlandi.
Maʼlumot uchun, Vazirlar Mahkamasining “Atrof-muhitga taʼsirni baholash mexanizmini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi
2020-yil 7-sentabrdagi 541-sonli qaroriga koʻra, issiqxonalar tabiiy gaz, koʻmir va boshqa yonilgʻi turlarida ishlovchi atrof-muhitga taʼsir koʻrsatishning IV toifasiga mansub korxonalar hisoblanadi.
O’rganishlar davomida dudburondan foydalanish qoidalarini buzgan jami 37 ta issiqxona egalariga maʼmuriy jarimalar qoʻllanildi, 46 ta issiqxona faoliyati toʻxtatildi, 426 ta issiqxona egalari ekologik talablariga javob beradigan chang-gaz tozalash uskunalarini oʻrnatish, rezina qoldiqlari va boshqa chiqindilardan yoqilgʻi sifatida foydalanmaslik yuzasidan ogohlantirildi.
Nazorat tadbirlari davom etmoqda.